Mirziyoyev va Toqayev Qirg‘istondagi vaziyat tez fursatda barqarorlashishiga umid bildirdi

O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari Qirg‘izistondagi vaziyat ushbu mamlakat Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi normalariga muvofiq tez fursatda barqarorlashishiga umid bildirdilar
Sputnik

TOShKENT, 7 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

“Mintaqadagi voqealar rivoji yuzasidan ham fikr almashildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari Qirg‘izistondagi vaziyat ushbu mamlakat Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi normalariga muvofiq tez fursatda barqarorlashishiga umid bildirdilar”, - deyilgan xabarda.

Davlat rahbarlari ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari, ishonch va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarning holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Koronavirus tarqalishi oqibatlarini tez fursatda yengib o‘tish maqsadida O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari darajasida yaqindan muvofiqlashuv va faol almashinuvlar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mirziyoyev va Rahmon mintaqadagi vaziyatni muhokama qildi

Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarini oshirishga qaratilgan qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish, tadbirkorlar va hududlarning yangi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali kooperatsiyani kengaytirish, shuningdek, madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazishga alohida e’tibor berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan ham mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashgan edi.

5 oktabr kuni Bishkekda parlamentiga o‘ta olmagan partiyalar tarafdorlarining norozilik namoyishlari boshlandi. O‘sha kuni kechqurun mitingni tarqatishga urinish vaqtida norozilik aksiyasi namoyishchilari va kuch tuzilmalari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuvlarda 911 kishi jabrlandi. Bir nafari halok bo‘lgan.

6 oktabr kuni Qirg‘iziston MSK saylov natijalarini haqiqiy emas deb topdi.