TOShKENT, 7 okt - Sputnik. Koronavirusga chalingan bemorlarga yordam ko‘rsatish markazida portlash yuz berdi, deb xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
"Bugun 7-oktabr kuni soat 08:13 da Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi Alpomish sport majmuasida tashkil etilgan koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan yoki kasallangan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, saralash va taqsimlash markazida kislorod balloni yorilishi sodir bo‘ldi", - deyiladi xabarda.
Hosil bo‘lgan kinetik zarba to‘lqinidan bino oynalari parchalanib, bir nafar fuqaroga tan jarohati yetgan.
Ta’kidlash joizki, zudlik bilan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va boshqa tegishli xizmatlarning xodimlari voqea joyiga yetib borib, fuqarolarni xavfsiz hududga ko‘chirdilar. Mazkur hodisa oqibatida vafot etgan fuqarolar yo‘q. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan.