TOShKENT, 4 okt — Sputnik. Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining o‘n uchinchi sessiyasida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish tartibi ko‘rib chiqildi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Kengash qaroriga ko‘ra, karantin davrida respublika maxsus komissiyasi qaroriga qat’iy rioya qilgan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar faqat bir kun soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida 30 nafar ishtirokchi bilan o‘tkazilishi belgilandi.
Qarorga muvofiq, to‘y o‘tkazuvchi shaxslar to‘ydan kamida bir hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (mahalla)ni xabardor qilishi zarur.
Shuningdek, milliy an’analarga yot “kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish” kabilarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlar -“yetti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” kabilarni o‘tkazish ta’qiqlanadi.