TOShKENT, 30 sen — Sputnik. Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi 5-oktabrdan boshlab yangi davlatlar bilan avia-parvozlarni qayta tiklashni vaqtinchalik to‘xtatishni taklif etmoqda. Bu haqda hukumat yig‘ilishida respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi Aleksey Soy xabar qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, chet davlatlarda holat yomonlashganini hisobga olgan holda, koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish maqsadida 5-oktabrdan boshlab boshqa davlatlar bilan avia-parvozlarni ochishni vaqtinchalik to‘xtatish, shuningdek, avia-parvozlar hozirda qayta tiklangan davlatlar bilan reyslar sonini oshirmaslik lozim.
U shuningdek, Turkiyaga avia-reyslar soni qisqartirilishi ehtimoli borligini qo‘shimcha qildi.
Vazirga ko‘ra, "ikkinchi kategoriya" davlatlardan, xususan, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Polsha, Italiya, Vengriya, qator boshqa yevropa davlatlari, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Armaniston, Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari - O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kirib kelayotgan yo‘lovchilar uchun sanitar nazorat joriy qilish lozim.
Bu davlatlardan kelayotgan yo‘lovchilarning temperaturasini o‘lchash, anketalashtirishni o‘tkazish kerak, shuningdek, kelayotganlar koronavirusga manfiy test javobini taqdim etishlari kerak bo‘ladi.
Xuddi shunday talablar, vazir ta’kidiga ko‘ra, YeOII mamlakatlari bilan davlat chegara o‘tkazish punktlarida, shuningdek, O‘zbekiston bilan chegarada joriy etilishi kerak.