Har bir tadbirkor standartni bilishi kerak - Shavkat Mirziyoyev

Prezident kelgusi yilda mahalliy ishlab chiqarish uyg‘unlik darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi belgiladi.
Sputnik

TOShKENT, 29 sen - Sputnik. O‘zbekiston korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar yil sayin sifati yaxshilanib, xalqaro standartlarga mos qilinmoqda. Bu haqida 28-sentabr kuni prezident huzurida bo‘lib o‘tgan standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya tizimidagi islohotlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytib o‘tildi.

O‘zbekistonda "Halol" mahsuloti davlatlararo standart loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Ma’lum bo‘lishicha, ayni damda Respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 43% xalqaro meyorlarga muvofiqlashtirilgan. Qabul qilingan standartlar soni 12 mingtaga yetgan va bu albatta eksport miqdorini oshirishga xizmat qilmoqda. 

Yig‘ilishda prezident tomonidan 2021-yil yakuniga qadar xalqaro standartlar sonini 14 mingtaga, uyg‘unlik darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi belgilandi va xalqaro standartlarni joriy etish mahsulot eksporti uchun muhim vazifa ekani qayd etildi. 

– Agar mahsulot xalqaro sertifikatga ega bo‘lmasa, u hech qachon raqobatbardosh bo‘la olmaydi. Mamlakatda har bir tadbirkor standartni bilishi, tanishi kerak, shunday muhit yaratish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shunigdek, nafaqat to‘qimachilik sohasida, balkim oziq-ovqat va avtomobil ehtiyot qismlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida ham 5 mingga yaqin eski standartlarni bekor qilib, zamonaviy xalqaro standartlarni joriy etish taklif qilindi.