Xorijda O‘zbekiston OTMning ilk filiali ochiladi

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti birinchilardan bo‘lib xorijiy mamlakatlarda o‘z filialini ochgan OTM bo‘ldi.
Sputnik

TOShKENT, 29 sen — Sputnik. Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti O‘zbekistondagi xorijiy mamlakatlarda o‘z filialini tashkil etgan ilk oliy ta’lim muassasasiga aylandi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Institut Hindistonning Nyu-Dehli shahridan 20 km uzoqlikda joylashgan Noida xalqaro universiteti bazasida o‘z filialini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzoladi. 

Unga binoan 2020-2021 o‘quv yilidan institut professor-o‘qituvchilari MBBS (Tibbiyot va jarrohlik bakalavri) dasturi asosida o‘qishga qabul qilingan Hindiston fuqarolariga o‘z mamlakatlarida ta’lim berishadi. 

Yangi O‘zbekiston talabasi qanday bo‘lishi kerak? OO‘MTV vazir o‘rinbosari bilan suhbat

Kelishuvga binoan, Noida xalqaro universiteti ta’lim jarayoni uchun zarur infratuzilma, moddiy-texnik baza, o‘quv laboratoriyalari hamda klinik bazalardan foydalanish bo‘yicha yordam ko‘rsatadi. O‘qishga qabul qilingan talabalar birinchi ikki yilni Hindistonda, qolgan 3-yilni esa Buxoroda o‘tkazishadi. 

Buxoro davlat tibbiyot instituti, Noida xalqaro universiteti hamda "PeopleHive" kompaniyasi o‘rtasida imzolangan ushbu uch tomonlama memorandum O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining xalqaro jozibadorligini ta’minlashda, ta’lim eksporti orqali institut moddiy barqarorlikni oshirishda hamda xalqaro reytinglarda o‘rin egallashiga asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Buxoro davlat tibbiyot instituti 2019-yilda Hindiston fuqarolariga ta’lim berish huquqini beruvchi Tibbiyot kengashi akkreditatsiyasidan o‘tgan edi. O‘tgan o‘quv yilida 50 ga yaqin Hindiston fuqarolari o‘qishga qabul qilingan.