TOShKENT, 28 sen — Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 2020-yil 29-sentabr kuni Dushanbe shahriga tashrif buyuradi. Bu haqda bosh vazir matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 7-yig‘ilishida ishtirok etadi.
Komissiya kun tartibida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi hamda madaniy-gumanitar sohalarida va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda ikki tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilish nazarda tutilmoqda.
Tashrif doirasida O‘zbekiston – Tojikiston ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida Biznes-forum va Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning Tojikistonga tashrif buyurishi sentabr boshida ma’lum bo‘lgan edi.