Qozog‘iston o‘lim jazosini rasman bekor qildi

Qozog‘istonda o‘lim jazosini qo‘llash bo‘yicha 2003-yildan buyon muddatsiz moratoriy joriy etilgan edi. 2004-yildan buyon uning o‘rniga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilayotgan edi.
Sputnik

TOShKENT, 24 sen — Sputnik. Qozog‘iston o‘lim jazosini bekor qilish bo‘yicha xalqaro bayonnomaga qo‘shildi. Bu haqda Sputnik Qozog‘iston xabar qilmoqda.

Ta’kidlanishicha, tegishli hujjat Qozog‘istonning BMTdagi doimiy vakili Qayrat Umarov tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida imzolangan.

O‘zbekistonda o‘lim jazosi o‘z samarasini bermagan - Yo‘ldoshev korrupsiyaga qarshi kurash haqida

Mamlakat prezidenti Qosim Jomart-Toqayev ushbu qaror haqida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasining yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida
ma’lum qilgan edi.

U mamlakat insonning hayotga bo‘lgan huquqini ta’minlashni maqsad qilib qo‘yganini ta’kidlagan edi.

Qozog‘istonda o‘lim jazosini qo‘llash bo‘yicha 2003-yildan buyon muddatsiz moratoriy joriy etilgan edi. 2004-yildan buyon uning o‘rniga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda o‘lim jazosi 2008-yil 1-yanvardan boshlab prezident qarori bilan bekor qilingan.