O‘zbekistonlik migrantlarni Rossiyadan qaytarish maqsadida 15ta avtobus yo‘lga chiqdi

O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyaning turli hududlaridan qaytarish jarayonni yanada tezlashtirish maqsadida bugun 15 ta avtobusdan iborat ilk karvon Rossiyaning Samara viloyatiga yo‘lga chiqdi.
Sputnik

TOShKENT, 23 sen - Sputnik. O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyaning turli hududlaridan qaytarish jarayonni yanada tezlashtirish, birinchi navbatda og‘ir ahvolda qolgan fuqarolarni imkon qadar tezroq O‘zbekistonga olib kelish maqsadida Rossiya Federatsiyasining tegishli vazirlik va idoralari bilan repatriatsion charter reyslari sonini bir necha marotabaga ko‘paytirishga erishildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar bermoqda.

Samara viloyati chegarasidagi o‘zbekistonliklar uchun yana 4ta poyezd tashkil etiladi

"Respublika maxsus komissiyasi, Transport vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, DXX Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Qozog‘iston va Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalarining sa’yi-harakatlari bilan ayni damda O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lgan Rossiya Federatsiyasining Qozog‘iston bilan chegara oldi hududi Samara viloyatida to‘planib qolgan fuqarolarni vatanga olib kelish maqsadida maxsus avtobus qatnovi tashkil etilmoqda", - deyiladi xabarda.

Mazkur avtobus qatnovlari Transport vazirligi huzuridagi "Uzautotrans service" korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Bugun 15 ta avtobusdan iborat ilk karvon Rossiyaning Samara viloyatiga yo‘lga chiqdi. Ushbu qatnov barcha sanitariya qoidalari va Qozog‘iston hamda Rossiya Federatsiyasi tomonidan qo‘yilgan talablarga qat’iy amal qilgan holda bajarilmoqda.

Samara - Toshkent parvoziga chiptalar sotish boshlandi

Qatnovni bajarishga jalb etilgan 40 nafar haydovchilarning barchasi yo‘lga chiqishdan avval koronavirusga test topshirishdi. Laboratoriya tahlili natijalaridan so‘ng ularga tegishli ma’lumotnoma berildi. Shundan so‘ng, tashuvlar xavfsizligini ta’minlash va qatnov davomida nimalarga e’tibor berish lozimligi yuzasidan yo‘riqnoma o‘tkazildi.

Shu bilan birga mamlakatning turli hududlariga muntazam ravishda maxsus temir yo‘l qatnovlari ham tashkil etilmoqda.   

Qatnov oldidan haydovchilarga maxsus yo‘riqnoma o‘tkazildi.

Rejaga muvofiq avtobuslar 25-sentabr kuni belgilangan manzilga yetib borishadi. Shu kunning o‘zida avtobuslar 700 dan ortiq yo‘lovchilarni olib O‘zbekiston tomon yo‘lga chiqadi.   

Shu o‘rinda hozirda vazirlik Rossiyaning turli hududlaridan O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lib turgan fuqarolardan ommaviy ravishda Rossiyaning Qozog‘iston bilan chegara oldi hududlariga to‘planmasliklarini so‘rab qolgan. Bu kabi holatlar hozirgi qaltis epidemiologik vaziyatning yanada murakkablashuviga, kasallik yuqtirib olish xavfining ortib ketishiga va eng yomoni yurtdoshlarimizni vatanga olib kelish maqsadida katta qiyinchiliklar bilan amalga oshirilayotgan sa’yi-harakatlarning cheklanishiga sabab bo‘lishi mumkin, deya ogohlantiradi vazirlik.