Toshkent shahar IIBB ro‘molli ayollar nima uchun avtobusga olinganini tushuntirdi

Internet tarmog‘ida tarqagan videomurojaatlardan birida muallif ro‘mol o‘ragan ayollarga go‘yoki ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya tomonidan ozor berilayotganini aytgan
Sputnik

TOShKENT, 23 sen — Sputnik. Toshkent shahar IIBB ro‘molli ayollar nima uchun avtobusga olingani yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

O‘zbekistonda jamoat joylarida ibodat liboslarida yurish taqiqi bekor qilinishi mumkin

Internet tarmog‘ida tarqagan videomurojaatlardan birida muallif ro‘mol o‘ragan ayollarga go‘yoki ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya tomonidan ozor berilayotgani haqida gapirgan edi.

IIBB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur fikrlar haqiqatdan yiroq. Ro‘mol o‘ragan ayollarga hech qanday ozor berilayotgani yo‘q, bunday topshiriqlar bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. 

“Ayollarni avtobusga taklif qilishdan yagona maqsad – koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan xavfsizlik meyorlariga rioya qilish muhimligi haqida santariya-epidemiologiya nazorati xizmati va profilaktika inspektorlari tomonidan profilaktik suhbatlar o‘tkazilishi bo‘lgan”, - deyilgan xabarda.

Ma’lum bo‘lishicha, jamoat joyida tibbiy niqobsiz bo‘lgan fuqaro S.N. va N.R.lar sanitariya-epidemiologiya xizmati vakillari va profilaktika inspektorlari tomonidan profilaktik suhbat o‘tkazilishi uchun avtobusga chiqayotgan vaqtlari video muallifi tomonidan tasvirga tushirilgan.

Videodagi voqea 21-sentabr kuni taxminan soat 19:25 da Shayxontohur tumani G‘uncha massivi hududida ro‘y bergan.     

Xabarda shahar aholisi va mehmonlariga koronavirus xavfi hanuz dolzarbligini eslatib o‘tilgan.

“Hayotingiz va sog‘lig‘ingizni xavf ostiga qo‘ymang, santariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qiling”, - deyilgan xabar so‘ngida.