TOShKENT, 23 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida nutq so‘zladi.
Quyida O‘zbekiston yetakchisining asosiy fikrlari va takliflarini keltiramiz.
Dunyoni o‘zgartirgan koronavirus
Mirziyoyev o‘z chiqishida koronavirus pandemiyasiga alohida to‘xtalib o‘tdi va bunday global falokat sayyoramizda so‘nggi yuz yilda kuzatilmaganini ta’kidladi.
U Barcha hukumatlar, parlamentlar va fuqarolik jamiyatlarining o‘zaro sa’y-harakatlarini birlashtirish, umumiy mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlash, xalqaro sheriklikni muvofiq holda rivojlantirish, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish lozimligini chuqur anglaganini qayd etdi.
“Maqsadimiz – har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini ta’minlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishdir”, - dedi Mirziyoyev.
Prezident Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etdi.
Gender tenglik, inson huquqlari va diniy erkinlik
Mirziyoyev bugungi kunda mamlakatdagi demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus olganini bayon qildi va o‘tgan yili Parlamentga o‘tkazilgan saylovlar aholi va partiyalarning siyosiy faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ommaviy axborot vositalarining ta’siri oshganini namoyish etganini ta’kidladi.
Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda. Yangi Parlamentda ayol deputatlar soni ikki barobarga ko‘paydi.
Shuningdek, inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay o‘zgardi. Majburiy va bolalar mehnati to‘liq tugatildi. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilindi.
Prezident BMTning fuqaroligi bo‘lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig‘iga javoban shu yilning o‘zida 50 ming kishiga O‘zbekiston fuqaroligi berilganini eslatib o‘tdi.
“Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilandi. Millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash biz uchun doimiy muhim vazifadir”, - dedi u.
Korrupsiyaga qarshi kurashish, yoshlar kelajagi
Mirziyoyev mamlakatda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilganini ma’lum qildi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadi. Respublikada har bir yigit-qizning jamiyatda munosib o‘rin egallashi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Avgust oyida BMT shafeligida yoshlar huquqlariga bag‘ishlangan Samarqand xalqaro forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
U Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT konvensiyasini qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Bundan tashqari, Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.
Markaziy Osiyo, transport yo‘lagi, forum
Mirziyoyev hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mintaqasida tub o‘zgarishlar yuz berayotganini qayd etdi. Mintaqa davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch, do‘stlik va hurmat muhitini yaratishga erishildi.
Uning fikriga ko‘ra, bugun Markaziy Osiyo davlatlari oldida muhim strategik vazifa turibdi. U ham bo‘lsa, mintaqaning global iqtisodiy, transport va tranzit yo‘laklariga chuqur integratsiyasini ta’minlashdir.
Prezident Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif etdi.
O‘zbekiston BMTning Global antiterror strategiyasi doirasidagi Mintaqaviy qo‘shma rejaning 10-yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani o‘tkazish tarafdori.
Mirziyoyev 2021 yilda YuNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Afg‘oniston masalasi
Mirziyoyev mamlakat Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qabul qilishini ta’kidladi va joriy yilning sentabr oyida Doha shahrida afg‘on siyosiy kuchlari o‘rtasida boshlangan tinchlik muzokaralari jafokash afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlik o‘rnatishiga umid bildirdi.
O‘zbekiston yetakchisi BMT huzurida afg‘on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etishni taklif qildi. Ushbu qo‘mitaning asosiy vazifasi Afg‘onistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ko‘mak berishdan iborat bo‘lishi zarurligini qayd etdi.
Orol fojiasi
Mirziyoyev global iqlim o‘zgarishlari Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham katta xavf tug‘dirayotganini ta’kidladi va dunyo hamjamiyati e’tiborini yana bir bor Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratdi.
Prezident Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.
Uning fikriga ko‘ra, ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Qashshoqlikka qarshi birgalikda kurashish
Davlat rahbari o‘z chiqishida jahonning turli nuqtalarida notinchlik saqlanib qolayotgani, ziddiyat va zo‘ravonliklar ortib borayotgani, ekologik ofatlar va boshqa zamonaviy xatarlar qashshoqlik va kambag‘allikning global muammolarini kuchaytirayotganiga e’tibor qaratdi.
Bu muammolar ayniqsa pandemiya sharoitida keskin tus olmoqda. Tobora tashvishli ohang kasb etayotgan qashshoqlikning ovozi butun dunyo hamjamiyatini, barchani bezovta qilishi zarur.
Mirziyoyev qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammit o‘tkazishni taklif etdi.