Ipoteka kreditini olish yanada soddalashtiriladi

O‘zbekistonda uy-joylarni qurish uchun ipoteka krediti ajratishning soddalashtirilgan tizimini joriy qilinadi.
Sputnik

TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Yangi tartibdagi uy-joy qurishga ipoteka krediti ajratishning soddalashtirilgan tizimini joriy qilinadi.

Xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlarga kredit ajratiladi

“Yangi tartibdagi uy-joylarni qurish va qayta qurish uchun ipoteka krediti ajratishning soddalashtirilgan tizimini joriy qilish to‘g‘risida” Hukumat qarori (576-son, 21.09.2020 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, tajriba tariqasida Andijon viloyatining Andijon shahri, Qo‘rg‘ontepa va Shahrixon tumanlarida “Ipotekabank” ATIB va “Qishloq qurilish bank” ATBlar tomonidan aholiga ipoteka kreditlari ajratish bo‘yicha quyidagilarga ruxsat beriladi:

- mijozning tanloviga ko‘ra, yakka tartibdagi uy-joylarni qurish uchun ipoteka krediti qarz oluvchining plastik kartochkasiga bosqichma-bosqich o‘tkazish yo‘li bilan ajratilishiga;

- qurilish davri uchun 6 oy imtiyozli davr belgilanishiga;

- daromadlari to‘g‘risida kamida oxirgi 3 oy uchun ish joyidan berilgan ma’lumotnomalar, ish beruvchi tomonidan berilgan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiya to‘lovlari, foizlar, dividendlar, mol-mulkni ijaraga berishdan olingan doimiy tarzdagi daromadlar davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan jismoniy shaxslarning daromadlari bo‘yicha deklaratsiyalar bilan birga va xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi orqali kelib tushgan mablag‘lar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa daromadlarni qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchining) kreditga layoqatliligini hisoblashda inobatga olishga;

- kreditning maqsadli ishlatilishini bank va qarz oluvchi o‘rtasida dastlab imzolangan uy-joy qurilishini bajarish reja-jadvali asosida bajarilgan ishlar sifatida qabul qilishga;

- kredit ajratish uchun yakka tartibdagi uy-joylarning tegishli loyiha tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari hamda asosiy turdagi qurilish materiallari qiymati asos sifatida qabul qilinishiga;

- yakka tartibdagi uy-joylarning moliyaviy smeta hisob-kitobining 10 foizi miqdorida boshlang‘ich badal sifatida qarz oluvchining mablag‘lari, mavjud qurilish materiallari, ishchi kuchi va bajarilgan qurilish-montaj ishlari qabul qilinishiga.