IIBB Yunusobodda tungi klub yonida yuz bergan pichoqbozlik tafsilotlarini ochiqladi

Kelishmovchilik ikki guruh yigitlari orasida kelib chiqqan. 8 kishidan iborat bo‘lgan birinchi guruh orasida ikki nafar qiz ham bo‘lgan.
Sputnik

TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Toshkent shahar IIBB Yunusobodda tungi klub yonida yuz bergan pichoqbozlik yuzasidan qo‘shimcha tafsilotlarni taqdim etdi.

Xabarda yozilishicha, 20-sentabr kuni ertalab soat 6:00 atrofida patrul-post xizmati xodimlariga Amir Temur ko‘chasidagi tungi klub yonida mushtlashuv yuz bergani haqida ma’lumot kelib tushgan. Xodimlar voqea joyiga yetib kelganida pichoq bilan yaralangan to‘rt nafar yigitdan biri – 18 yoshli A.G. voqea joyining o‘zida hayotdan ko‘z yumgani oydinlashgan. Uch nafar yigit shifoxonaga yetkazilgan. Shifoxonada janjalda ishtirok etganlardan yana biri – 23 yoshli D.S. ham hayotdan ko‘z yumgan. 21 yoshli A.A. va 28 yoshli A.T. ayni vaqtda shifoxonaga joylashtirilgan.

Kelishmovchilik ikki guruh yigitlari orasida kelib chiqqan. 8 kishidan iborat bo‘lgan birinchi guruh orasida ikki nafar qiz ham bo‘lgan va ularning hammasi Amir Temur ko‘chasida joylashgan tungi klub yonida bo‘lgan. 5 kishilik ikkinchi guruh ham o‘sha atrofda bo‘lgan.

“Qizlardan birining o‘z guruhidagi yigitga aytgan gapi boshqa guruhdagi yigitga xuddi unga aytilgandek tuyulgan. Shu sababli orada kelib chiqqan mojaro mushtlashuvga aylanib ketgan”, – deyiladi xabarda.

Aniqlik kiritilishicha, mushtlashuv davomida ikkinchi guruh ishtirokchisi 23 yoshli S.X. pichoq chiqarib, tartibsiz ravishda zarba berishni boshlagan. Oqibatda to‘rt nafar yigit jabrlanib, ulardan ikki nafari vafot etgan.

Toshkentda fuqaro tungi klub oldida 4 kishini pichoqladi

Voqea joyiga yetib kelgan Toshkent shahar IIBB xodimlari 23 yoshli S.X., 18 yoshli S.K., 23 yoshli R.X. va yana bir necha kishi qo‘lga olib, ichki ishlar bo‘limiga olib ketgan. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha jinoyat ish qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchi tariqasida jinoiy ishga jalb qilingan S.X. qo‘lga olingan.

Ayni vaqtda kelishmovchilikning yana ikki nafar ishtirokchisi S.K. va R.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (bezorilik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Mazkur shaxslar ham qo‘lga olingan.

“Kelishmovchilikning boshqa ishtirokchilarini qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda”, – deyiladi IIBB axborotida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yunusobod tumanida fuqaro tungi klub oldida 4 kishini pichoqlagani, pichoqlanganlarni ikki nafar vafot etgani xabar qilingan edi.