O‘zbekiston va Tojikiston yangi avtotransport yo‘nalishlarini ochishni muhokama qildi

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida yangi avtotransport yo‘nalishlari ochilishi mumkin. Ikki davlat mutasaddilari ushbu masalani muhokama qildi.
Sputnik

TOShKENT, 21 sen — Sputnik. Dushanbe shahrida Tojikiston transport vaziri Azim Ibrohim va O‘zbekiston transport vaziri birinchi o‘rinbosari Ilhom Mahkamovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tojikiston Transport vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi transport aloqalarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan. 

Ta’kidlanishicha, uchrashuvda ikki do‘st va qardosh mamlakatlar o‘rtasida yo‘lovchilar va yuk tashishni ko‘paytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

“Xususan, tomonlar yo‘lovchilar va yuk tashishni ko‘paytirish, temir yo‘l sohasidagi hamkorlik  hamda yangi avtotransport yo‘nalishlarini ochish masalalarini muhokama qildi”, - deyilgan xabarda.

Tojikistonlik vazir so‘nggi oylarda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat avtotransport qatnovi har bir davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun qay darajada muhimligini ko‘rsatganini ta’kidladi. 

O‘zbekiston va Tojikiston savdo-sanoat palatalari hamkorlikni kuchaytirishga kelishdi

Azim Ibrohim shu munosabat bilan  ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Avvalroq O‘zbekiston va Tojikiston savdo-sanoat palatalari hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olgani xabar qilingan edi.

18 sentabr kuni hukumatning iqtisodiy bloki xodimlari hamrohligida 172 nafar yirik biznes vakillaridan iborat O‘zbekiston ishbilarmonlar delegatsiyasi Dushanbega tashrif buyurgan edi.