Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev vafot etdi

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev koronavirus asoratlari oqibatida 56 yoshida vafot etdi.
Sputnik

TOShKENT, 20 sen — Sputnik. Bugun davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev vafot etdi.

Shavkat Mirziyoyev Karim Kamolov qabrini ziyorat qildi

"Buxoroning ardoqli farzandi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Isoyevich Barnoyev bugun, 20-sentabr kuni koronavirusga chalinish oqibatida 56 yoshida vafot etdi", - deyilgan Buxoro viloyati hokimligi xabarida.

Avvalroq u koronavirusga chalingani va hozirda davolanayotgani xabar qilingan edi.

O‘ktam Barnoyev 2016-yil dekabridan 2020-yil 28-fevraligacha Buxoro viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritgan. 2020-yil fevral oyi oxirida bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlangan edi. Shuningdek, u iyul oyida O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasiga rais etib saylangan edi.