Rossiya bir milliondan ortiq o‘zbekistonlik migrantni amnistiya qilishi mumkin

Rossiya IIV bergan ma’lumotga ko‘ra, u yerdi taqiqqa tushib qolish ehtimolidan qochib yurgan, ya’ni ro‘yxatda turmagan 600 ming nafar O‘zbekiston fuqarolari bor. O‘tgan yillar davomida yana 421 ming nafar o‘zbekistonlik taqiqqa uchragani uchun O‘zbekistonga qaytib kelgan.
Sputnik

TOShKENT, 16 sen — Sputnik. O‘zbekiston Rossiyaga kirishi taqiqlangan yoki ayni vaqtda ushbu mamlakat hududida taqiqqa tushishidan qo‘rqib migratsiya xizmatlaridan yashirinib yurgan yuz minglab vatandoshlarning amnistiya qilinishiga erishmoqchi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Davlatnazar Matrasulov ma’lum qildi.

Kelgusi yildan mehnat migrantlari ham soliq to‘laydi – yangi qaror

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada taqiqqa tushib qolish ehtimolidan qochib yurgan, ya’ni ro‘yxatda turmagan 600 ming nafar fuqarolar bor. O‘tgan yillar davomida yana 421 ming nafar o‘zbekistonlik taqiqqa uchragani uchun O‘zbekistonga qaytib kelgan.

“Kuni kecha Rossiya Federatsiyasiga ketgan ishchi guruhimizning kun tartibidagi eng dolzarb masalalardan biri – aynan shu fuqarolarga amnistiya e’lon qilinishiga erishish hisoblanadi. Amnistiya e’lon qilinadigan bo‘lsa, xorijdagi fuqarolar jarimasiz, hech qanday ma’muriy jazo qo‘llanmagan holda O‘zbekistonga qaytib kelish huquqiga ega bo‘ladi. 421 ming kishi taqiqqa tushib, bu davlatga kira olmay yurgan bo‘lsa, ular ishlash uchun yana xorijga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, - dedi Davlatnazar Matrasulov.

Bosh vazir maslahatchisi Mehriddin Xayriddinov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash maqsadida 16—29 sentabr kunlari Rossiyada bo‘ladi. Tashrif chog‘ida Rossiya Ichki ishlar vazirligi vakillari ham uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilgan.