TOShKENT, 15 sen — Sputnik. 2020-yilning 14-sentabr kunidan boshlab poytaxtning o‘n bir tumanidagi umumta’lim muassasalari ochildi. Biz poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 27-sonli maktabda bo‘lib, ushbu ta’lim muassasasi o‘qituvchi va o‘quvchilarning pandemiya sharoitida yangi o‘quv yiliga qay darajada tayyor ekanliklari, maktab ma’muriyati tomonidan o‘rnatilgan sanitariya va gigiyena qoidalarining talab darajasi bilan qiziqdik.
Bizni maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Gulizebo Turdiyeva ochiq chehra bilan kutib oldi. Bu vaqtda ta’lim muassasasida 5-6 va 8-sinf o‘quvchilariga dars o‘tilayotgan ekan. Avvalambor, maktab ichki devorlaridagi yo‘riqnomalar e’tiborimizni tortdi: qadamda himoya niqobidan foydalanish tartibi, sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilish, o‘zoro muloqot qoidalari va ikki metr oraliq masofani saqlash qoidalari eslatma tarzida osib qo‘yilgan.
O‘z sog‘lig‘iga befarq bo‘lmagan o‘qituvchi va o‘quvchilar himoya niqoblaridan foydalanmoqda. Ammo ular orasida himoya niqoblari bo‘lmaganlar yoki uni bo‘yniga xalqa qilib osib olgan ayrim o‘quvchilar ham yo‘q emas.
Direktor o‘rinbosari bizni 8 sinf o‘quvchilari uchun dars o‘tilayotgan biologiya xonasiga olib kiradi. Sinfxonada himoya niqoblarida o‘tirgan o‘n uch nafar o‘quvchilarning bari alohida partalarda, har birining yonida o‘quv qurollaridan tashqari antiseptik vositalari bor. O‘qituvchi o‘tilgan mavzularni takrorlab, o‘quvchilardan birini savolga tutadi. Afsuski, karantin vaqtida ko‘p vaqtini uyda o‘tkazishga majbur bo‘lgan o‘quvchi o‘qituvchinining savoliga ko‘ngildagidek javob berolmay bir oz o‘ng‘aysizlanadi va mavzu esidan chiqib ketganligini yashirmaydi. Shuningdek, boshqa o‘quvchilar ham o‘qituvchi savollari yuzasidan o‘zlarini hozirjavob tutishmaydi. Bundan esa karantin sharoitida o‘quvchilarning onlayn tarzida bilim olishlari ko‘ngildagidek bo‘lmaganligini payqash qiyin emas.
Maktabning 6-sinf o‘quvchilari ham bari himoya niqoblarida, o‘tilgan mavzu yuzasidan sinf ishini bajarishardi. Ular o‘tirgan partalarga ahamiyat berdik, ko‘pchilik o‘quvchilarning partasida antiseptik vositalari bo‘lsa, ayrimlarida yo‘q edi. Ammo sinfxona ozodaligi, sanitariya va gigiyenik talablariga rioya etilganligi e’tiborimizdan chetda qolmadi. Sinfxona burchaklari, qo‘l yuvish jumraklari yonida esa koronavirusdan himoyalanishni targ‘ib qiluvchi maxsus yo‘riqnomalar osib qo‘yilgan.
Direktor o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, o‘quvchilar maktabga kirib kelayotganda sanitariya-gigiyena talablariga amal qilingan holda sinfxonalarga kirgiziladi. Ma’lum foiz o‘quvchilarga ta’lim onlayn tarzida berilayotganligi bois, 50 foiz yoki 25 nafar o‘quvchidan 12-13 nafari maktabga kelmoqda. Ularning bari o‘zaro masofa saqlagan holda darsda qatnashib, jumladan, har biriga bir birining o‘quv qurollari, himoya niqobi va boshqa ashyolaridan foydalanish taqiqlangan.
O‘qituvchilar o‘quvchilarni har tanaffusda himoya niqobini yangisiga almashtirishlari, ularning sinfxona ichida joylashgan suv jo‘mraklarida tez-tez qo‘llarini sovunlab yuvib turishlarini nazorat qilib turadi. Himoya niqoblari ifloslanganda ularga o‘qituvchi tomonidan yangi niqoblar tekinga tarqatiladi. Qolaversa, o‘quvchilarning ota-onalariga ham bolalarning portfeliga har kuni ikkitadan himoya niqoblarini solib yuborishlari tayinlangan.
Maktabning uchinchi qavatida o‘tirgan nazoratchi o‘qituvchilarning aytishiga qaraganda, maktabda tanaffus yo‘q ekan, o‘qituvchilarni o‘zi soatga qarab darsni to‘xtatisharkan. Maktab oshxonasi ham vaqtinchalik faoliyat yuritmaydi yoki u yerda hech qanday yegulik sotilmaydi. O‘quvchilar o‘zlari bilan keltirgan yeguliklarni iste’mol qilishadi.
Yana bir e’tiborimizni tortgan jihat, sinfxonalarga kirganimizda o‘qituvchilarning himoya niqobidan foydalanayotganliklarini ko‘rdik, ammo ularning himoya qo‘lqoplari yo‘q edi. Direktor o‘rinbosari himoya qo‘lqoplaridan foydalanish o‘qituvchilar uchun ixtiyoriy ekanligini aytadi.
Biz yana maktabda sanitariya va gigiyena talablari nazoratining ko‘ngildagidek o‘rnatilganligini ko‘rib, bunga amal qilishni jajji 1-sinf o‘quvchilari qay darajada eplayotganliklari bilan qiziqdik.
Direktor o‘rinbosari esa aynan 1-sinf o‘quvchilari o‘qituvchilarning alohida nazorati ostida ekanligi, ulardan har soatda tanaffusdan besh daqiqa avval yoki hojatxonadan chiqilganidan so‘ng qo‘llarini sovunlab yuvib, dezinfeksiyalab turishlari so‘ralishini aytdi. Bundan tashqari, birinchi va ikkinchi smena dars soatlari tugagach, sinfxonalar dezinfeksiya qilinarkan: kechki payt sinfxona xlor aralashmasi bilan, kunduzi oddiy tozalash vositalari bilan yuviladi.
Shuningdek, 14-sentabr ilk o‘qish kunida maktabda biron bir o‘quvchining isitmasi ko‘tarilganligi aniqlanmagan. Agar shunday holat yuz bersa, ular shu zahotiyoq maktabning nazoratchi hamshiralari tomonidan nazoratga olinadi. Dars vaqtida isitmasi ko‘tarilganligi aniqlanganda o‘quvchi maxsus izolyator xonasiga olib kiriladi va o‘quvchining ota-onasiga xabar beriladi.
Direktor o‘rinbosari shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan onlayn ta’lim tizimi pandemiya vaqtida juda o‘rinli bo‘lganligi, ammo ma’lum foiz o‘quvchilarning qishloq sharoitlarida internet bilan ta’minlanmaganliklari bois ular darslarni ko‘ngildagidek o‘zlashtira olmaganliklarini yashirmaydi.
“Ba’zi ota-onalar esa karantin vaqtida o‘qituvchilarning qo‘ng‘iroqlariga javob berishmadi, internet orqali bog‘lanishmadi, farzandlarining o‘qishini nazorat qilishga befarq bo‘lishdi. O‘quvchini esa onlayn o‘qitish kerak, baholash kerak, undan vazifalarni so‘rash kerak, interneti yo‘q o‘quvchilar bilan telefon orqali gaplashish kerak. Tabiiyki, bu o‘qituvchilarga ikki karra qiyinchilik tug‘dirdi”, - deydi u.
Maktabning tasviriy san’at fani o‘qituvchisi Muxlisa Umarova esa bor- yo‘g‘i 15 daqiqalik onlayn ta’limga nisbatan maktabga kelib o‘qigan o‘quvchi ko‘proq bilim egallashi mumkinligi, o‘qituvchilarga ham ularni doskaga chiqarib, ko‘rgazmalar bilan o‘qitish bir muncha qiziqroq va samaraliroq bo‘lishini aytadi.
“Masalan, onlayn o‘quv jarayonida o‘quvchilarning 70 foizi onlayn darslarda qatnashgan bo‘lsa, 30 foizi qatnasha olmadi, qaysidir o‘quvchi Farg‘onaga ketgan, yana boshqa biri Namanganda... biz ularni, chorak baholariga qarab baholashga majbur bo‘ldik. Aprel oyida darslarni o‘zlashtira olmagan o‘quvchilarning ayrimlari bilan bog‘lanib, ularga takroran alohida individual darslar ham o‘tildi. Yaxshiki, onlayn darslarni o‘tishga shahardagi eng malakali o‘qituvchilar jalb etildi. Qolaversa, biz ham ulardan o‘zimiz bilmaganlarimizni o‘rganib, o‘quvchilarga o‘rgatishga harakat qildik”, - deydi o‘qituvchi.
Darhaqiqat, pandemiya davrida o‘qituvchilarga oson bo‘lmadi. Onlayn dars o‘tishda ularga ko‘plab mas’uliyatli vazifalar yuklandi. Qizig‘i, oylik maoshlar fidoiylarning chekkan zahmatlarini oqladimi?
Ushbu savol yuzasidan o‘qituvchi — Muxlisa Umarova qiyinchiliklar, vazifalar har qancha ko‘p bo‘lmasin, o‘qituvchilar oylik maoshlarini o‘z vaqtida olishgani, yuklangan vazifalardan nolimaganliklarini aytadi. Aksincha, vaqtinchalik pandemiya davrida bu holatni ular to‘g‘ri baholaydi.
Bizni qiziqtirayotgan yana bir tomoni, pandemiya davrida karantin choralarining yana ikki yil davomida qo‘llanilishi aytilmoqda. Tabiiyki, bu davrda qorako‘z yoshlarning kelajagi, ular sa’viyasining qay darajaga tushib qolishi mumkinligi tashvishli. Bu borada direktor o‘rinbosari Gulizebo Turdiyeva shunday deydi: “Xudo xohlasa, o‘quvchilarimizning barchasi bilimga chanqoq va ularga biron bir topshiriq bersak, albatta o‘z vaqtida bajarishga harakat qilishadi. O‘ylaymanki, ularning kelajagi ko‘ngildagidek bo‘ladi. Umuman, maktabimiz a’lochi o‘quvchilardan iborat, ularning bir qanchasi onlayn tarzida o‘qishlarga topshirib yuqori ballarni to‘plab, talaba bo‘lishdi. Shu bois bu yilgi bitiruvchilarimiz ularning izidan borishadi deya umid qilamiz”.
Biz yana maktab direktori o‘rinbosaridan maktabda necha foiz o‘qituvchilar grippga qarshi emlanganligi haqida so‘radik. Uning aytishicha, maktabda oltmish nafar o‘qituvchi faoliyat yuritib, barchasining salomatlik darajasi sanepidemiologiya markazi xodimlari tomonidan nazoratga olingan, har biri test tekshiruvlaridan o‘tkazilgan. Oktabr oyida esa emlash choralari ko‘riladi.