TOShKENT, 15 sen — Sputnik. Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi migratsiya masalalari yuzasidan yangi federal qonunning konsepsiya loyihasini tayyorladi. Hujjat soliqqa tortish, patent olish, daromad miqdori va ishlash uchun Rossiyaga kelganlar xorijliklarni ro‘yxatdan o‘tkazishga yangicha yondashuvni nazarda tutadi.
Ekspertlar RF Ichki ishlar vazirligining takliflarini migratsiya qonunchiligini tubdan isloh qiladi, deya atamoqda.
“2022 yil 1-yanvardan boshlab (yangi federal qonun kuchga kirishi kerak), barchamiz yangicha hayot kechiramiz. Migrantlarni soliqqa tortish bo‘yicha yangi tizim paydo bo‘ladi. Hisob bo‘ladi. Hozir hisobga olinmagan, qachon kelgani noma’lum bo‘lgan migrantlar soni ko‘p. Ularni barchasini reyestrga kiritamiz. Hozircha buni barchasini qo‘llab-quvvatlamoqdamiz. Men - ishchi guruh a’zosiman (migratsiya masalalari to‘g‘risidagi qonun muhokamasi - tahr.). Ko‘p yillar davomida birinchi marta migratsiya qonunchiligida juda zarur yo‘nalishda o‘zgarish tendensiyasini kuzatish mumkin”, - dedi Rossiya migrantlar federatsiyasi prezidenti Vadim Kojenov.
Kojenovning so‘zlariga ko‘ra, yangi qonun nafaqat migrantlarning hayotini osonlashtiradi, balki ish beruvchilarga chet el fuqarolarini ishga olish jarayoni ham soddalashtiradi.
Hujjatda migrantlar uchun ish haqi miqdori to‘g‘risidagi band mavjud. Bu chet ellik ishchiga bu toifadagi ishchilar uchun aniq hududdagi o‘rtacha ish haqi darajasiga bo‘lgan teng ish haqini tayinlashni nazarda tutadi. Bunday chora iqtisodiyotning qator sohalarida migrantlar uchun bo‘sh ish o‘rinlarining qisqarishiga olib kelishi mumkin, - deb hisoblamoqda migratsiya qonunchiligi bo‘yicha mutaxassis Rustam Karimov.
“Yaponiyada mahalliy aholiga qaraganda, migrantlarga ko‘proq pul to‘lashni nazarda tutgan qonun mavjud. Natijada migrantlarni yollash foydasi yo‘q bo‘lib qoladi. Ehtimol, qonun chiqaruvchilar bu tajribani Rossiyaga ko‘chirishga harakat qilmoqdalar - yoki migrantlar sonini kamaytirish, yoki ularning hayotini haqiqatan ham yaxshilash uchun. Qonunchilik tashabbuslari ko‘rinishidagi aniq hujjat paydo bo‘lganda, tahlil qilish va ijobiy va salbiy tomonlarini ko‘rish mumkin bo‘ladi. Ammo bu taklif oxir-oqibat qanday amalga oshirilishini aytish qiyin”, - deydi mutaxassis.
IIV tomonidan taklif qilingan qonun loyihasi konsepsiyasida elektron patent rasmiylashtirilgandan so‘ng, chet el fuqarolari tomonidan belgilangan avans to‘lovini to‘lashni joriy etish nazarda tutilgan. Shuningdek, mingrantning ish haqi hududda xuddi shu kasb va malaka egalari uchun belgilangan o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘lmasligi taxmin qilinadi. Chet ellik ishchilar uchun huquqbuzarlik, jarimalar va soliq to‘lovlari qayd etiladigan maxsus ID-kartalar joriy etiladi. Chet el ishchi kuchini taklif qilgan ish beruvchilar maxsus reyestrda ro‘yxatdan o‘tkaziladi, deb taxmin qilinmoqda.
Ilgariroq, RF Ichki ishlar vazirligi Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i Valentina Kazakova yangi federal qonun konsepsiyasi Rossiya fuqaroligini olish tartibini soddalashtirishi va, ehtimol, 2021-yilda qonun loyihasi shaklida taqdim etilishi haqida ma’lum qilgandi.