Abdulaziz Kamilov Sergey Lavrov bilan uchrashdi

Suhbat davomida O‘zbekiston-Rossiya kun tartibining asosiy masalalari hamda ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, RFda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari uchun munosib sharoitlarni yaratish masalasiga alohida to‘xtalindi.
Sputnik

TOShKENT, 11 sen - Sputnik. 2020 yilning 10-sentabr kuni ShHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisida ishtirok etish uchun Moskva shahriga kelgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi.

Senat va vazirliklar migrantlarni himoya qilish uchun chora-tadbirlar tayyorlamoqda

Suhbat davomida O‘zbekiston-Rossiya kun tartibining asosiy masalalari hamdaayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar izchil mustahkamlanayotgan va hamkorlikning yangi shakllariga ega bo‘layotgan ko‘p qirrali ikki tomonlama munosabatlarni yuqori sur’atlarda rivojlanayotganidan mamnun ekanliklarini ma’lum qildilar.

Turli daraja va shakllarda, jumladan O‘zbekistonning MDHdagi raisligi doirasida bo‘lib o‘tadigan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama tadbirlarning tashkiliy jihatlari muzokaralarning alohida mavzusi bo‘ldi.

Sobanin: Moskvada migrantlar o‘rtasida mehnat bozori qulashi kuzatilmadi

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini faollashtirish bo‘yicha amaliy takliflarni ko‘rib chiqildi. Tashqi siyosat idoralari rahbarlari ikki mamlakat hukumatlari tomonidan pandemiya sharoitida ushbu yo‘nalishdagi faollikning pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni ijobiy baholadilar.

Madaniy-gumanitar sohada, ilm-fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari uchun munosib sharoitlarni yaratish masalasiga alohida to‘xtalindi.

Vazirlar oliy va yuqori darajadagi aloqalar doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonlarini ham muhokama qildilar.