TOShKENT, 8 sen — Sputnik. AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Rustam Ikromov dezinfeksiya tunnellari borasida fikr bildirdi.
“Dezinfeksiya tunnellarni umuman foydasi bo‘lmadi deb baholash xato fikr”, - dedi u.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, birgina o‘tkir ichak yuqumli kasalliklarini 2019-yil 6 oyligiga nisbatan joriy yil shu davrida 61 foizga kamayganligi, virusli gepatit “A” turi 76 foizga kamayganligini o‘zi ushbu dezinfeksiya choralarini yuqumli kasalliklarning tarqalishida o‘rin tutganligini bildiradi.
“Bugungi kunga qadar dezinfeksiya tunnellarini koronavirusga qarshi ta’sir samarasi qaysidir mamlakat tomonidan o‘rganilganligi to‘g‘risida rasmiy maqolalar chop etilmagan”, - deya qo‘shimcha qildi Ikromov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi dezinfeksiya tunnellarini koronavirusga qarshi eng foydasiz chora deb atab, bunday tunnellarning inson organizmiga zararli tomonlari borligini ma’lum qilgan edi.