Toshkentda soxta sertifikatlar bilan o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar ushlandi

Uch firibgar chet el vakolatli xayriya organining O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan tashkiloti sertifikatini qalbakilashtirgan.
Sputnik

TOShKENT, 7 sen — Sputnik. Toshkentda soxta sertifikatlar orqali o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan abituriyentlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Sputnik nashriga xabar qildi.

Test savollarini rasmga olib tarqatgan abituriyentlar natijasi bekor qilinadi - DTM

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yunusobod tuman bo‘limi tomonidan Davlat test markazining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda fuqarolar S.A., F.Yu. va X.A.lar sertifikatning muayan darajalariga ega bo‘lganlar ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball berilganligidan foydalanish maqsadida www.abitur.dtm.uz sayti orqali chet el vakolatli xayriya organining O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan tashkiloti sertifikatini qalbakilashtirgani aniqlangan. Ular test sinovlari majmuasiga chet tili fani kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan.

Mazkur holat yuzasidan S.A., F.Yu. va X.A.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 1 va 3-qismi bilan jinoyat ishi ochilgan.

Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.