Qo‘lda terilgan 1 kilo paxta uchun qancha to‘lanadi - Mehnat vazirligi javobi

Ta’kidlanishicha, bu yilgi paxta mavsumida birorta yollanma ishchi shartnoma tuzmasdan turib paxta dalasiga chiqmaydi
Sputnik

TOShKENT, 5 sen - Sputnik. O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqovning ma’lum qilishicha, qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun birinchi terimda 1000 so‘m, ikkinchi terimda 1 400 so‘m haq to‘lanadi. U bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida  ma’lum qildi.

Paxta bozoriga ham nozik boshqaruv kerak – Abakumov

Vazir o‘rinbosarining aytishicha, paxta mavsumida yaxshi teradigan terimchilar kuniga 100-120 ming atrofida daromad olishlari mumkin.

"Paxta teruvchilar 2 xil bo‘ladi. Birinchisi o‘z manzilida paxta teradiganlar, ikkinchisi esa boshqa hududlardan kelib terimga yordamlashadiganlar. Barcha terimchilar uchun mehnat sharoitlari tashkillashtiriladi. Terimga, avvalambor, ishsizlar: yoshlar, xotin-qizlar, xohish bildirsa, keksalarni ham jalb qilamiz", - dedi Umrzoqov.

Ta’kidlanishicha, bu yilgi paxta mavsumida birorta yollanma ishchi shartnoma tuzmasdan turib paxta dalasiga chiqmasligi aytildi.

Bosqichma-bosqich paxta va g‘alla bo‘yicha davlat rejasini bekor qilish muhokama qilindi

" ...mehnat qonunchiligiga, Xalqaro mehnat tashkilotlari tomonidan bildirilgan tavsiyalarga qat’iy amal qilinadi, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘tgan yillari majburiy va bolalar mehnati bilan bog‘liq holatlar kuzatildi. Biroq bu yil bunga jiddiy qaraymiz. Paxta terimiga ishchilar shartnoma asosida, ko‘ngilli ravishda jalb qilinadi. Birorta yollanma ishchi shartnoma tuzmasdan turib paxta dalasiga chiqarilmaydi", — deya qayd etdi vazir o‘rinbosari.

Shuningdek, ko‘ngilli ravishda paxta teraman deb ro‘yxatga yozilganlarning har biriga ishni boshlamasdan turib maosh sifatida 500 ming so‘mdan, otrad rahbarlariga esa 2 million so‘mdan berilishi ta’kidlandi.

"Biz paxta terishga qo‘rqitish orqali emas, moddiy rag‘batlantirish orqali jalb etishimiz kerak. Agar davlat talablarini buzadiganlar bo‘lsa, ular katta jazoga tortiladi", — degan Umrzoqov.

Internetda terim.uz sayti ochilgan, bunda har bir ko‘ngilli ushbu saytga kirib, qaysi hududda paxta termoqchi ekanligini onlayn tarzda ma’lum qilishlari mumkin.