Samarqandda karantin qoidasiga zid ravishda oshxonada to‘y o‘tkazildi

Samarqand shahridagi oshxonada 40 nafardan ortiq fuqaro ishtirokida to‘y marosimi o‘tkazildi. To‘yga ruxsat bergan oshxona ma’muriyatiga chora ko‘rildi.
Sputnik

TOShKENT, 31 avg — Sputnik. Samarqand shahrida karantin qoidasiga zid  ravishda to‘y o‘tkazgan oshxona ma’muriyatiga chora ko‘rildi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar qilmoqda.

Xabarda yozilishicha, 2020-yil 29-avgust kuni Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 6-son IIBga shahridagi Maroqand ko‘chasidagi “Maroqand” oshxonasida 40 nafardan ortiq fuqaro ishtirokida to‘y marosimi o‘tkazilayotganligi to‘g‘risidagi xabar kelib tushgan.

O‘zbekistonda 30 kishilik to‘y o‘tkazish talabini doimiy saqlab qolish taklif qilinmoqda

Hudud profilaktika inspektori tergovoldi surishtiruv harakatlarini olib borgan va haqiqatdan ham ushbu oshxona ma’muriyati Respublika maxsus komissiyasining bayoni talablarini buzganligini aniqlagan.

Oshxona ma’muriyatiga nisbatan O‘zbekiston MJtKning 54-moddasi 2-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Qonuniy qaror qabul qilish uchun Samarqand viloyati Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markaziga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisining o‘zida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan hamda sanitariya va gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat berilgan.