Odamlar nega havo sharida uchishga qiziqishadi - Tohir Soliyev bilan intervyu

Federatsiya hozircha atigi 3 yoshda. U Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Sharlar soni ham hozircha sanoqli, boisi, bu juda qimmat ko‘ngilxushlik sanaladi, deydi Soliyev. Ammo tez orada sharlar parki va sonini ko‘paytirish rejalashtirilgan
Sputnik

TOShKENT, 31 avg - Sputnik. Buxoroning Varaxsha massivi(Romitan tumani)dagi Bo‘ron-tepa hududida - qoq sahroning o‘rtasida "Bukhara Desert Oasis & SPA" innovatsion turizm klasteri bunyod etildi. Ushbu maskanning tantanali ochilish marosimida Turizm davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan mahalliy va xorijiy OAV vakillari, blogerlar va hatto ilk marotaba "tiktok"chilar ham ishtirok etdilar.

Odamlar nega havo sharida uchishga qiziqishadi - Tohir Soliyev bilan intervyu

Sayyohlik obyektida o‘rta asrlardagi Buxoroning tarixiy manzaralari - Varaxsha terassasi, Sardoba, karvonsaroy majmuasi, plyaj, hozirda 80 o‘ringa mo‘ljallangan o‘tovlar, milliy va Yevropa taomlari restoranlari, tibbiyot burchagi, sog‘lomlashtirish maskani, sport o‘yingohi, ot sporti maydoni, avtoturargoh, vakvadratsikllar, ot va tuyalarda sayohat, elektromobil, JIP kabi transportlari kabi turli qo‘shimcha xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan.

Odamlar nega havo sharida uchishga qiziqishadi - Tohir Soliyev bilan intervyu

Bu maskanga tashrif buyurgan sayyoh, hatto havo sharida samoga ko‘tarilishi va hududni bir kilometr masofadan turib, ko‘zdan kechirish imkoniga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston aeronavtika federatsiyasi rahbari - Tohir Soliyev Sputnik O‘zbekiston muxbiriga mahalliy aholining havo sharida uchishga bo‘lgan qiziqishi, aeronavtika festivali qachon o‘tkazilishi va Buxoroning o‘z kapadokiyasi paydo bo‘lishi uchun nimalarni amalga oshirish zarurligi haqida so‘zladi.

O‘zbekiston aeronavtika federatsiyasi uch yil muqaddam, 2017-yilda tashkil topgan. Avvaliga osmon uzra sayohat qilish faqat Chimon yonbag‘irlarida amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda sayohatning ushbu qiziqarli turi butun mamlakat bo‘ylab ommalashmoqda.

- Tohir aka, sharlaringiz bilan Buxoro sahrosigacha uchib keldingiz. Sayohatning ushbu turi sahroda ommalashishiga ishonasizmi?

- Avvalo, bu yerda bo‘lib turganimdan benihoya xursandligimni aytmoqchiman. Umuman olganda Buxoroning ertakmonand tarixiy joyligi hech kimga sir emas, bu yerga keladigan sayyohlar o‘zlarini butkul boshqa olamga tushib qolgandek his etishlari ham rost. Bilasizmi, sahroning ham o‘zgacha tarovati bor. U benihoya go‘zal, benihoya hayratlanarli. Misol uchun, kela-kelguncha yo‘lingizdan quyon yoki qo‘shoyoq yoxud tulki chiqib qolsa, o‘zingiz bilmagan holda hayratlanib ketasiz. Va kutilmaganda qarshingizda mana shunday ajib bir manzara namoyon bo‘ladi (turizm klasteriga ishora qiladi - tahr.)

Odamlar nega havo sharida uchishga qiziqishadi - Tohir Soliyev bilan intervyu

O‘ylaymanki, tez orada biz bu yerda Turkiyadagi singari o‘zbek kapadokiyasini vujudga keltiramiz. To‘g‘ri, turk kapadokiyasi 30-yillik ulkan tajribaga ega. Biz esa endi-endi boshlayapmiz. Lekin, aminmanki, agar har kuni tongda xuddi shu joydan 10-15tadan havo sharlari ucha boshlasa, bu unutilmas tomosha va hayratlanarli kartina bo‘ladi.

Odamlar nega havo sharida uchishga qiziqishadi - Tohir Soliyev bilan intervyu

Federatsiyamiz atigi 3 yoshda. U Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Sharlarimiz ham hozircha sanoqli, boisi, bu juda qimmat ko‘ngilxushlik sanaladi. Ammo tez orada sharlarimiz parkini va ular sonini ko‘paytirish niyatimiz yo‘q emas.

Odamlar nega havo sharida uchishga qiziqishadi - Tohir Soliyev bilan intervyu

Biz Rossiya aeronavtika federatsiyasi bilan juda yaqin hamkorlik o‘rnatganmiz. MDH hududidagi havoda suzish federatsiyalari bilan ham aloqalarimiz yaxshi. O‘ylaymanki, yaqin vaqt ichida 10-15 nafar uchuvchilarni o‘qitishga erishamiz, qolaversa, chet ellik havo shari pilotlarini O‘zbekistonga taklif etib qolamiz.

- Aprel oyida Qashqadaryoda havo sharlari festivali o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi?

- Ha, ko‘rib turganingizdek, kutilmaganda butun dunyoni ostin-ustun qilib yuborgan koronavirus pandemiya tufayli havo sharlarida uchish rejamiz keyinga qoldirildi. Aslida, Qashqadaryo viloyati bu manzilimizning eng so‘nggi nuqtasi bo‘lishi rejalashtirilgandi. Yigirmata jamoa - 20ta havo sharlarida tong sahar Toshkentda start olib, yerga qo‘ngach, keyin Samarqandga borishlari va u yerda ham shaharni osmonda aylanishlari ko‘zda tutilgan edi. Xullas, festival ishtirokchilari O‘zbekistonning tarixiy shaharlarida shunday tomoshalarni ko‘rsatib, eng oxirida Qashqadaryoga borishlari va u yerda festival "Lola qizg‘aldoq" sayli bilan yakunlanishi kerak edi.

Qashqadaryoda 20ta havo shari uchiriladi

Hozirda festivalni noyabrda o‘tkazishni chamalayapmiz. Keyinchalik har yili bahor faslida o‘tkazish belgilangan.

- Havo sharida uchish istagida bo‘lganlar juda ko‘pligiga guvoh bo‘ldik...

- Bilasizmi, kim bo‘lishidan, ya’ni millati, irqi, dini va hokazo ko‘rsatkichlaridan qat’i nazar, har bir insonning ko‘nglida mittigina bolakay yashaydi. Shu mitti bolakay ulkan sharning osmonga uchishga tayyor turganini ko‘rgach, ko‘zlarini katta-katta ochadi va birdan kayfiyati ko‘tarilib, xursand bo‘lib ketadi. Axir bundan zo‘ri bormi? Shar havoga ko‘tarilganida ko‘nglingizda ro‘y beradigan tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Yaqin orada erkin parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bu ertakning o‘ziginasi: bir kilometrcha keladigan balandlikda turib, mutlaqo sokinlikda O‘zbekistonning g‘ayritabiiy tabiati, zaminidan bahra olish imkoniyati vujudga keladi.