O‘zbekistonda koronavirus: 28-avgust asosiy xabarlari

Sutka davomida 273 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 40 720 nafarni tashkil qilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 28 avg — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.

O‘zbekistonda birorta ham bola koronavirusdan vafot etmadi - Maxsus shtab

Bir sutka davomida 273 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 40 720 nafarni tashkil qilmoqda.

Yangi kasallanish holatlarining 85 nafari Toshkent shahrida, 13 nafari Toshkent viloyatida, 5 nafari Surxondaryo viloyatida, 4 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida tana harorati ko‘tarilganligi bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Sog‘ayish ko‘rsatkichi

Bugunning o‘zida 673 nafar bemor tuzalib, o‘z uylariga kuzatildi. Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 37 873 nafarga yetdi. Sog‘ayish ko‘rsatkichi 93 foizga yetdi.

Ayni paytda 2 545 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

O‘lim holatlari

Kun davomida koronavirusga chalingan 4 nafar bemor – Yashnobod tumanida yashagan 63 yoshli M.K. (erkak) hamda 59 yoshli M.U. (ayol), Olmaliq shahrida yashagan 74 yoshli R.U. (ayol) va Shayxontohur tumanida yashagan 56 yoshli S.U. (ayol) vafot etdi.

O‘zbekistonda jami 302 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.

Vatanga qaytganlar

Rossiyaning 2ta shahridan O‘zbekistonga maxsus poyezdlar bilan 2 mingga yaqin fuqarolar olib kelingan.

Rostov-na-Donu shahridan 927 nafar O‘zbekiston fuqarolari Namangan viloyatiga yetib keldi. “Toshkent – Kinel –Toshkent” yo‘nalishida maxsus poyezd tashkil qilinib, Samara yaqinidagi Rossiya chegarasida qolgan 918 nafar O‘zbekiston fuqarolari Toshkentga olib kelindi.

Maktablar uchun talablar

“O‘zbekiston Respublikasida  COVID-19 pandemiyasi davrida umumiy o‘rta ta’lim maktablari va o‘rta maxsus maktab internatlarining faoliyatini tashkillashtirish bo‘yicha vaqtinchalik sanitariya-epidemiologik talablar” Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi va hisobga olindi.

Hujjat COVID-19 pandemiyasi davrida mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, barcha umumta’lim maktablari va maxsus maktab internatlarning xavfsiz ish muhitini ta’minlashga qaratilgan ish faoliyatiga tatbiq etiladi.

"Tojdor virus" ko‘payishini to‘xtatadigan vitamin nomi ma’lum qilindi

Turkiya shifokorlarining tashrifi

Turkiyadan 16 nafar mutaxassislardan iborat tibbiy guruh koronavirusga qarshi kurashda respublika mutaxassislari bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatish va tajriba almashish uchun tashrif buyurdi. Guruhda - anesteziolog, reanimatolog, pulmonolog, infeksionist, pediatr, shuningdek, shoshilinch tibbiy yordam, biotibbiyot, umumiy amaliyot, ichki kasalliklar, jamoat salomatligi bo‘yicha malakali mutaxassislar.

Ular Toshkentdagi Viruslogiya ilmiy tekshirish instituti, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti, Toshkent viloyatidagi Zangiota ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Farg‘ona, Andijon hamda Namangan viloyatlaridagi ushbu sohaga ixtisoslashgan shifoxonalar, tibbiy markaz va laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, kornovirusni aniqlash, nazoratga olish va bemorlarni davolashda mahalliy shifokorlar bilan hamkorlikda amaliy faoliyat ko‘rsatishadi.

Dunyo salomatligi

Dunyo bo‘ylab infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 24,5 milliondan oshdi, 831 ming kishi vafot etdi, 16,0 million kishi tuzaldi. Eng ko‘p holatlar AQShda (5,9 mln), Braziliyada (3,8 mln), Hindistonda (3,4 mln).