Kim Chen In vakolatlarning bir qismini singlisiga topshirdi

KXDR yetakchisi Kim Chen In vakolatlarning bir qismini singlisi Kim Yo Chjongga topshirdi. Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallab turgan Kim Yo Chjon hozirda vakillik huquqi bo‘yicha umumdavlat ishlari bilan shug‘ullanmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 21 avg - Sputnik. KXDR yetakchisi Kim Chen In vakolatlarning bir qismini singlisi Kim Yo Chjongga topshirdi, deya xabar beradi Ronxap agentligi Janubiy Koreya razvedka ma’lumotlariga tayanib.

Kim Chen In singlisi KXDR rahbari bo‘lishga tayyorlanmoqda

Ta’kidlanishicha, Koreyaning Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallab turgan Kim Yo Chjon hozirda vakillik huquqi bo‘yicha umumdavlat ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Bundan tashqari, u Pxenyanning Vashington va Seulga nisbatan siyosati uchun javobgardir.

Razvedka xizmatiga ko‘ra, Kim Chen Inning singlisi KXDRning "ikkinchi raqamli yetakchisi"dir, ammo amaldagi rahbar hali beri vorisini tanlamagan.

Vazirlar Mahkamasi raisi Kim Dok Xun va Davlat kengashi raisining o‘rinbosari Pak Bon Dyu o‘z zimmalariga mamlakat iqtisodiyotini boshqarish vazifalarini olishdi. Yana ikkita yuqori martabali mulozimlar mudofaa masalalariga qisman javobgar bo‘ldilar.

Agentlik manbalarining ta’kidlashicha, hokimiyatning bunday taqsimlanishi Kim Chen In boshdan kechirayotgan stressni minimallashtirish va "o‘z siyosati muvaffaqiyatsiz"ligi taqdirida ayblovning bir qismini undan olib tashlanishiga qaratilgan.

Aprel oyida Kim Chen In jamoatchilik oldida 20 kun davomida ko‘rinmadi. Uning yo‘qligi sababli siyosatchining ehtimoliy vafoti yoki kasalligi haqida mish-mishlar paydo bo‘la boshladi. O‘sha payt taxmin qilinishicha, Shimoliy Koreya rahbari o‘zi mustaqil turolmagan, normal holatda yura olmagan yoki "vegetativ holatda" bo‘lgan. Deyarli uch hafta davomida ko‘rinmaganidan so‘ng, 1-may kuni Kim Chen In Pxenyan yaqinidagi Pxonan-Namdo provinsiyasida joylashgan Sunchxon shahrida o‘g‘itlar zavodining ochilish marosimida ishtirok etdi. Unga Kim Yo Chjon hamrohlik qilgan, uni ba’zi odamlar Shimoliy Koreya rahbarining vorisi bo‘ladi deb tahmin qilishmoqda.

Koreyslararo aloqalar bo‘yicha tegishli idorasi rahbari bo‘lmish Janubiy Koreyaning milliy birlashish vaziri Kim Yon Chxol KXDR rahbarining sog‘lig‘i bilan bog‘liq xabarlar "feyk" va "infodemiya" ekanligini ta’kidlagan.