Qirg‘iziston chet el fuqarolari uchun chegaralarini ochishga tayyorlanmoqda

Ta’kidlanishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolari Qirg‘izistonga kirishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatini tasdiqlaydi.
Sputnik

TOShKENT, 20 avg — Sputnik. Chet el fuqarolarini qabul qilishni bosqichma-bosqich qayta tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilindi, ayrim toifadagi chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga Qirg‘izistonga kirish hozirdan soddalashtirildi, deya xabar bermoqda Sputnik Qirg‘iziston.

Xitoy 50ta davlat bilan avia-parvozlarni tikladi

Joriy etilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Qirg‘izistonga quyidagi toifaga mansub fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar kirishlari mumkin:

xorijiy davlatlar fuqarolari va Qirg‘iziston Respublikasi universitetlarida tahsil olayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (o‘qish joyidan ma’lumotnoma asosida);

Qirg‘iziston Respublikasida doimiy yashash huquqiga ega bo‘lgan xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;

Qirg‘iziston Respublikasi hududidagi tibbiy muassasalarga davolanish uchun yo‘l olgan xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (hujjat bilan tasdiqlangan holda);

O‘zbekiston toifalarga ajratilgan avia-reyslar ro‘yxatini tasdiqladi

yaqin qarindoshlarning dafn marosimiga boradigan xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (yaqin qarindoshlik aloqalari va o‘lim faktlari hujjatli ravishda tasdiqlanishi shart).

"Bundan tashqari, koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq oqibatlarni minimallashtirishga qaratilgan iqtisodiy chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida xorijiy davlatlar fuqarolarini o‘tkazishni bosqichma-bosqich tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilindi", deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, epidemiologik vaziyat barqarorlashishiga qarab, Sog‘liqni saqlash vazirligi har oyda ikki marta (birinchi va o‘n beshinchi sanalarda) qayta ko‘rib chiqiladigan tegishli mamlakatlar ro‘yxatini tasdiqlaydi.

Ro‘yxatga kiritilgan chet elliklar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Qirg‘iziston chegarasini kesib o‘tishlari mumkin, deya qo‘shimcha qilingan xabarda.

Qirg‘iziston hukumati COVID-19 tarqalishining oldini olish maqsadida joriy yil mart oyida mamlakatga chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar kirishiga cheklov o‘rnatgan edi.