Ikkinchi chorakda aholining go‘sht iste’moli kamaydi – MB

Respublika bo‘yicha umumiy inflyatsiya miqdori - 4,6 %ni, oziq-ovqat tovarlari narxi o‘sishi esa - 6,2% ni tashkil qilgan. 
Sputnik

TOShKENT, 20 avg - Sputnik. O‘zbekistonda 2020-yilning ikkinchi choragida go‘sht mahsulotlari iste’moli yil boshiga nisbatan kamaygan. Bu haqida Markaziy bank e’lon qilgan statistik ma’lumotlarda aytib o‘tilgan.

Markaziy bank so‘rovida aniqlanishicha,  pandemiya va karantin tufayli O‘zbekiston aholisining 56 % oilaviy daromadi kamaygan, 21 % - ta’sir qilmagan, 15% - daromadsiz qolgan va 2%ning - daromadi ko‘paygan. 

Xususan, 1 chorakda oylik daromad miqdori  2, 4, 6 va 8 million so‘mgacha bo‘lgan oilalar miqdori 8%, 40%, 30% va 13 % bo‘lgan bo‘lsa, 2 chorakda ushbu xo‘jaliklar ulushi quyidagicha o‘zgargan:  21%, 35%, 22%, va 10%. Ya’ni daromadi o‘rtacha va yuqori bo‘lgan oilalar bir pog‘ona pastga tushgan.

Pandemiya va aholi daromadi - viloyatlar kesimida

Ushbu o‘zgarishlar oqibatida uy xo‘jaliklarning ayrim xarajatlari miqdori kamaygan. Xususan, go‘sht mahsulotlari istemoli, meva- sabzavotlar, yog‘-moy va non mahsulotlari iste’moli ham kamayishi kuzatilgan. Go‘sht mahsulotlari iste’moli kamayishi ayniqsa daromadi eng kam bo‘lgan aholi orasida sezilarli bo‘lgan. Oylik maoshi 2 million so‘mgacha bo‘lgan xo‘jaliklar go‘sht mahsulotlariga xarajatlarini 40%gacha kamaytirgan.

Ushbu davr mobaynida Respublika bo‘yicha umumiy inflyatsiya miqdori 4,6 %ni tashkil qilgan, lekin oziq-ovqat tovarlari narxi o‘sishi - 6,2% ni tashkil qilgan. 

Birinchi yarim yillikda Respublika bo‘yicha aholi jon boshiga o‘rtacha daromad 5,1 million so‘mni tashkil qilgan. Toshkent shahrida ushbu ko‘rsatgiya 10,5 mln. so‘mni, Navoiyda 8,3 mln. so‘mni, Buxoroda 6,5 mln so‘mni tashkil qilgan. Eng kam o‘rtacha dromad esa Qoraqalpog‘iston - jon boshiga va Namanganda qayd etilgan - 3,9 mln. so‘mdan. Qolgan viloyatlarda aholi o‘rtacha daromadi 4-5,2 mln. oralig‘ida bo‘lgan.