O‘zbekistonda koronavirus: 17-avgust asosiy xabarlari

Bir sutka davomida 373 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 35 702 nafarni tashkil qilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 17 avg — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.

Uzbekistan Airways 1-sentabrgacha faqat charter parvozlar amalga oshiradi 

Bir sutka davomida 373 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 35 702 nafarni tashkil qilmoqda.

Yangi kasallanish holatlarining 184 nafari Toshkent shahrida, 5 nafari esa Andijon viloyatida tana harorati ko‘tarilganligi bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Sog‘ayish ko‘rsatkichi

Bugunning o‘zida 411 nafar bemor tuzalib, o‘z uylariga kuzatildi. Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 31 384 nafarga yetdi. Sog‘ayish ko‘rsatkichi 87 foizga yetdi.

Ayni paytda 4 082 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

O‘lim holatlari

Kun davomida koronavirusga chalingan 4 nafar bemor –  Yunusobod tumanida yashagan 65 yoshli D.T. (ayol), Toshkent tumanida yashagan 59 yoshli G.Ch. (ayol), Uchtepa tumanida yashagan 52 yoshli A.E. (erkak), Yunusobod tumanida yashagan 25 yoshli M.R. (ayol) vafot etdi.

O‘zbekistonda jami 236 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.

Rossiyalik shifokorlar yordami

Toshkentga rossiyalik 40 ga yaqin yuqori malakali mutaxassislar yetib kelishdi. Epidemiologlar, virusologlar, endokrinologlar, reanimatologlar, kardiologlar va pulmonologlar 1 oy davomida o‘zbekistonlik hamkasblari bilan pandemiyaga qarshi kurashda ishtirok etishadi.

Koronavirusdan vafot etgan bemorlar belgilangan tartibda dafn etiladi - SSV

Bir oy davomida ular pandemiyaga qarshi kurashish uchun o‘zbekistonlik hamkasblari bilan yaqindan hamkorlik qilishadi. Shifokorlar Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar Ilmiy-tadqiqot institutida, Zangiota tumanida maxsus ochilgan klinikada va respublikaning boshqa hududlarida ishlashi rejalashtirilmoqda.

Xalqaro parvozlar

“O‘zbekiston havo yo‘llari” 1-sentabrga qadar barcha xorijiy parvozlarni bekor qildi. Ungacha faqat charter parvozlar amalga oshiriladi. Xorijiy parvozlar ushbu davlatlardagi epidemiologik vaziyat tufayli bekor qilingan. Avgust oyi uchun xarid qilingan chiptalar narxi yo‘lovchilarga qaytariladi yoki boshqa sanaga ko‘chiriladi.

Qayta ochilgan masjidlar

Bugundan O‘zbekistonda masjid, cherkov va boshqa diniy muassalalar jamoat tadbirlari o‘tkazish uchun ochildi. 

Diniy muassaslarda jamoat tadbirlari o‘tkazish davomida barcha sanitariya qoidalariga rioya qilish talabi saqlanib qolingan. Masjidlarga kelgan fuqarolar niqob va qo‘lqop taqish, ijtimoiy masofa saqlash, tana haroratini o‘lchash choralariga qat’iy rioya qilishlari kerak bo‘ldi.

Dunyo salomatligi

Dunyo bo‘ylab infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 21,7 milliondan oshdi, 775 ming kishi vafot etdi, 13,7 million kishi tuzaldi. Eng ko‘p holatlar AQShda (5,4 mln), Braziliyada (3,3 mln), Hindistonda (2,6 mln).