Samarada migrantlarning chegara oldida to‘planmasligini YPX nazorat qiladi

Rossiya-Qozog‘iston chegarasida to‘plangan mehnat migrantlar vataniga qaytarildi. Biroq mintaqa hukumati shunga o‘xshash holat yana qaytarilmasligi uchun chora ko‘rmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 12 avg — Sputnik. Rossiya chegaralari va Samara viloyatidan 7-avgust holatiga ko‘ra jami ikki mingdan ziyod O‘zbekiston hamda yuzga yaqin Tojikiston fuqarolari olib ketildi. Bu haqda Sputnik Tojikiston nashriga Samara viloyati Inson huquqlari bo‘yicha vakili Olga Galsova ma’lum qildi.

O‘zbekiston Rostov viloyatidan 900 nafardan ziyod fuqarosini olib kelmoqda

Chet el fuqarolarini olib ketish bosqichma-bosqich amalga oshirilgan. Shuningdek, ular uchun barcha zaruriy sharoitlarga ega bo‘lgan chodirli lager tashkil etilgan.

Tojikiston fuqarolari Qozondan 28-iyul kuni samolyotda, O‘zbekiston fuqarolarining so‘nggi guruhi 7-avgust kuni vataniga jo‘natilgan.

Lekin shunday ehtimol borki, migrantlar firibgarlik tuzog‘iga ilinib, yana Rossiya chegaralari yaqiniga kelishga urinishadi.

“Samara viloyati Bolshaya Chernigovka tumani hududida chet el fuqarolari to‘planishining oldini olish hamda ularning Orenburg viloyati hududiga o‘tish urinishini oldini olish maqsadida YPX (DPS) qo‘yilgan”, - deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya-Qozog‘iston chegarasida to‘plangan jami 1850 nafar O‘zbekiston fuqarolari qaytarilgan edi. Ularning 920 nafari Orenburg viloyatining “Buzuluk”, 930 nafari esa Samara viloyatining “Kinel” stansiyasidan poyezdlarda vatanga olib kelindi.