TOShKENT, 12 avg — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 718 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 32 465 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlarining 109 nafari Toshkent viloyatida, 108 nafari Toshkent shahrida, 26 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida hamda 7 nafari Andijon viloyatida tana harorati ko‘tarilganligi uchun profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Davolanish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 1 016 nafar bemor tuzalib, o‘z uylariga kuzatildi. Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 25 106 nafarga yetdi.
Ayni paytda 7 149 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
O‘lim holatlari
Kun davomida koronavirusga chalingan 4 nafar bemor – Chilonzor tumanida yashagan 61 yoshli Sh.A. (ayol) hamda Yashnobod tumanida yashagan 55 yoshli B.A. (erkak), Shayxontohur tumanida yashagan 84 yoshli A.A. (erkak) hamda Mirobod tumanida yashagan 67 yoshli E.P. (erkak) vafot etdi.
O‘zbekistonda jami 210 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.
Karantinni yumshatish choralari
Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishda 15-avgustdan karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish choralari belgilandi.
Prezident 15 avgustdan avtotransport vositalarining kun davomida yurishi, mahalliy avia va temir yo‘l qatnovi uchun ruxsat berish kerakligini aytdi.
Quyidagi belgilandi:
- sanatoriylar, mehmonxonalar, muzeylar, bolalar oromgohlari, dala hovlilar ijarasi, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar, ochiq havoda xizmat ko‘rsatadigan umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyati ham tiklanadi;
- belgilangan talablarga amal qilgan holda uyda 30 kishilik oilaviy marosimlar o‘tkazish mumkin bo‘ladi;
- 17-avgustdan hududlar o‘rtasida avtotransport qatnovi, jamoat transporti (metropolitendan tashqari) va shahar atrofidagi avtobuslar qatnovi tiklanadi;
- 20-avgustdan buyum va qurilish mahsulotlari bozorlari, yirik savdo do‘konlari, sport zallari, fitnes klub va basseynlar ishlay boshlaydi.
Dunyo salomatligi
Dunyo bo‘ylab infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 20,3 milliondan oshdi, 742 ming kishi vafot etdi, 12,6 million kishi tuzaldi. Eng ko‘p holatlar AQShda (5,1 mln), Braziliyada (3,1 mln), Hindistonda (2,3 mln).