“Agrobank” filiali sobiq boshqaruvchisi mijozlarning 520 mln so‘mini talon-taroj qildi

Mirzaobod tumanida bankning sobiq boshqaruvchisi 3 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarning jami 520 mln so‘mini yeb ketdi
Sputnik

TOShKENT, 12 avg — Sputnik. Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida tadbirkorlarning 520 mln so‘mlik kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan sobiq bank boshqaruvchisi fosh etildi. Bu haqda Sputnik nashriga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bekobodda mahalla raisi kam ta’minlanganlarga beriladigan pullarni talon-taroj qildi

Ma’lum bo‘lishicha, o‘tkazilgan tekshiruvda ATB “Agrobank” Mirzaobod filialining sobiq boshqaruvchisi A.G. “T.P.” fermer xo‘jaligi rahbarining xabardorligisiz uning nomidan 17,6 mln so‘m mablag‘larni boshqa xo‘jalik yurituvchi subyekt hisob raqamiga o‘tkazgan. Bundan tashqari, “D.V.” fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun bankka to‘langan 17 mln so‘m naqd pullarni o‘zlashtirgan.

Shuningdek, u 3 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ularning xabardorligisiz jami 520 mln so‘m kredit rasmiylashtirgan. Keyin pullarni o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatib yuborib, talon-toroj qilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan A.G. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozir tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.