Halokatli obgon: Jizzaxdagi avariyada ikki ayol vafot etdi, norasidalar kasalxonada

Haydovchi Xovos tumanidan Dashtobod yo‘nalishiga qarab harakatlanib ketayotgan vaqtida oldinda ketayotgan avtomashinani quvib o‘tish uchun qarama-qarshi yo‘nalishga chiqqan va yuk mashinasining oldi tomoniga borib urilgan.
Sputnik

TOShKENT, 11 avg - Sputnik. Kuni kecha Jizzax viloyatining Zomin tumanida dahshatli avariya sodir bo‘ldi, jarohatlanganlar orasida ikki norasida bor.

Jasliqda YTH: ikki yuk mashinasi yonib kul, bir haydovchi esa qurbon bo‘ldi

O‘zbekiston IIV axborotiga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi Zomin tumani hududidan o‘tuvchi A-376 avtomobil yo‘lining 239-kilometrida sodir bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 42 yoshli haydovchi R.A boshqaruvida bo‘lgan "Lada Largus" Xovos tumanidan Dashtobod yo‘nalishiga qarab harakatlanib ketayotgan vaqtida oldinda ketayotgan avtomashinani quvib o‘tish uchun qarama-qarshi yo‘nalishga chiqqan. Va shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan 42 yoshli R.X. boshqaruvidagi "Isuzu" yuk mashinasining oldi tomoniga borib urilgan.

Natijada, "Lada Largus" yo‘lovchilari 31 yoshli X.B. (ayol) va 55 yoshli B.B. (ayol)lar hodisa joyida vafot etganlar. Avtomashina haydovchisi yo‘lovchilari 30 yoshli B.B. va uning 6 yoshli hamda 4 yoshli farzandlari turli tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Zomin tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.