TOShKENT, 11 avg - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev atrof-muhitni muhofaza qilish va aholi salomatligini saqlash masalalari muhokama qilish mavzusida o‘tkazilgan yig‘ilishda Mirziyoyev karantin talablarini yumshatish muhimligini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot-xizmati xabar bermoqda.
"Videokonferensaloqa shaklida o‘tgan tadbir boshida davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, barcha hududlarda davolash o‘rinlari va tibbiy uskunalar soni bir necha barobar ko‘paytirilgani, tez tibbiy yordam va davolash sifati yaxshilangani natijasida oxirgi bir haftada mamlakatimiz bo‘yicha koronavirusdan sog‘ayish ko‘rsatkichi oshgani qayd etildi. Fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i himoyasini yanada kuchaytirgan holda, pandemiya sharoitida yashash va ishlashda davom etish, karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish muhimligi ta’kidlandi", - deyiladi xabarda.
Yig‘ilish davomida mamlakatda ekologik xavfsizlikni ta’minlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Xususan, Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etilib, Orolbo‘yidagi shahar va tumanlarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar jadal amalga oshirilayotgani, atrof-muhitni va aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha izchil ishlar olib borilayotgani, ayniqsa, hozirgi pandemiya sharoitida bu masalalar yanada dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Muhokamada ekologik nazoratni kuchaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Ayrim zavodlar havoga meyordan ortiqcha tashlanma chiqarib, atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday holatlar fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Shu bois Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga havo ifloslanishini tezkor tahlil qiladigan mobil laboratoriyalar bilan har bir hududni ta’minlash topshirig‘i berildi. Bosh vazir o‘rinbosariga atrof-muhitga yuqori va o‘rta xavfli 240 ta yirik sanoat korxonasida zamonaviy lokal tozalash inshootlarini o‘rnatish va mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.