Koronavirusdan tuzalganlardan ham niqob taqib yurish talab etiladi – shtab a’zosi

O‘zbekistonda koronavirusni boshdan kechirganlarga ham karantin qoidalariga rioya qilgan holda niqob taqib yurishlari kerak.
Sputnik

TOShKENT, 9 avg — Sputnik. O‘zbekistonda karantin qoidalariga rioya qilish uchun koronavirusdan tuzalganlardan ham niqob taqib yurishi kerak. Bu haqda AOKAdagi brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva ma’lum qildi.

Shtab a’zosiga kasallikni yengil darajada o‘tkazgan fuqaro endi ko‘chaga tibbiy niqobsiz ham chiqsam bo‘ladi degan savol bilan yuzlandi. U shifokorlar davolangandan so‘ng kasallikka immunitet hosil bo‘lishini aytishganini ma’lum qilgan.

O‘zbekistonda COVID-19 bilan kasallanganlar soni 30 mingdan oshdi

“Kasallanib tuzalgandan so‘ng immunitet hosil bo‘ladi, lekin bugungi kunda bizda karantin qoidalari bo‘yicha niqobsiz yurish mumkin emas. Shuningdek, kasallikdan tuzalgan bo‘lsangiz ham, hali organizmingiz tiklanmagan, tibbiy niqobsiz yurib boshqa yuqumli kasalliklarga chalinish imkoniyatingiz kuchayadi va siz boshqa kasallik bilan kasallanishingiz mumkin”, - dedi Ubaydullayeva.

Shu bois tibbiy niqobni karantin qoidalariga rioya qilgan holda taqib yurish talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatda 25-martdan jamoat joylarida niqobsiz yurish taqiqlangan. Ushbu harakatni sodir etgan shaxs 1 mln 115 ming so‘m miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.