TOShKENT, 9 avg — Sputnik. Farg‘ona shahridan So‘x tumaniga kichik aviatsiya transportida parvozlar yo‘lga qo‘yiladi. O‘zbekiston prezidenti tegishli qarorni imzoladi.
“Transport vazirligi Qirg‘iziston Respublikasi havo hududidan foydalanish masalasi to‘liq hal etilgandan keyin bir hafta muddatda Farg‘ona shahridan So‘x tumaniga kichik aviatsiya transporti orqali aholiga maqbul narxlarda qatnovlar yo‘lga qo‘yilishini ta’minlasin”, - deyilgan qarorda.
Farg‘ona viloyati hokimligiga bir oy muddatda So‘x tumanida samolyot va vertolotlar uchun uchish-qo‘nish maydonchalarini tashkil etish vazifasi yuklatildi.
Tashqi ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligiga Qirg‘iziston havo hududidan foydalanish masalasini hal etish vazifasi topshirildi.