TOShKENT, 9 avg — Sputnik. Buxoro viloyatida 10-avgustdan karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatiladi. Bu haqda viloyat maxsus komissiyasining yig‘ilish bayoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi shahar va tumanlar bo‘limlarining xulosasi hamda sektor rahbarlari bilan kelishilgandan so‘ng hokimlarning kafolat xatlari asosida Buxoro viloyati hududidagi:
- umumiy ovqatlanish shoxobchalari (restoran va kafelarda banketlar hamda boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi);
- mehmonxonalar;
- individual shug‘ullanish uchun trenajor zallar;
- nodavlat ta’lim markazlari, to‘garaklar (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan guruh tashkil etib, mashg‘ulotlar vaqtini oldindan kelishgan holda);
- nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
- buyum, qurilish mollari savdosi va boshqa faoliyat turi bilan shug‘ullanadigan bozorlar;
- sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyatiga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, Buxoro va Kogon shahri hamda tumanlar markazlariga avtotransport vositalarining kirib-chiqishini nazorat qiluvchi blok-postlar faoliyati to‘xtatiladi.
Koronavirus pandemiyasi boshlangan buyon Buxoro viloyatida 971 kishi virus yuqtirib olgan. Shulardan 884 nafari (91 foiz) tuzalib ketgan. COVID-19 yetti kishini bevaqt hayotdan olib ketgan.