Samarqandlik erkak singlisi xushtorini SMS uchun urib o‘ldirdi

Samarqandlik erkak singlisiga SMS-xabar yozgan yigitni "razbor"ga chaqirgan va uchrashuv davomida uning boshiga musht tushirib, og‘ir jarohatlagan
Sputnik

TOShKENT, 8 avg - Sputnik. Samarqand viloyatida 34 yoshli erkak o‘z singlisiga SMS xabarlar yuborgan 27 yoshli fuqaroni o‘ldirdi, deb xabar bermoqda IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot-xizmati

Kriminogen Toshkent: poytaxtda qotillik jinoyatlarining teng yarmini yoshlar sodir etgan

Hodisa 4-avgust kuni Ishtixon tumanida sodir bo‘lgan.

34 yoshli Sh.Y. hamqishlog‘i 27 yoshli N.B.ni chaqirib, singlisi 18 yoshli M.D.ga nima maqsadda SMS-xabar jo‘natayotganini so‘ragan.

Uchrashuv davomida fuqarolar o‘zaro janjallashib qolishgan, janjal davomida Sh.Y. mushti bilan N.B.ning bosh sohasiga urib tan jarohati yetkazgan. Natijada N.B. tan jarohati bilan tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Lekin ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zR JKning 104-moddasi 3-qismi "d" bandi (jabrlanuvchining o‘limiga olib kelgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, IIV rahbari Po‘lat Bobojonov kuni kecha Senatda chiqishi davomida joriy yilning 6 oyida respublika miqyosida 21 535 ta jinoyatlar qayd etilgani haqida ma’lumot bergan. Olti oy davomida qayd etilgan qotillik jinoyatlarning har uchinchisi (71 tasi, 35%), og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 76 tasi (20,5%) oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan.