Markazda migrantlar taqdiri: RFdagi o‘zbekistonliklar masalasida Parlament so‘rovi yuboriladi

Rossiyada mehnat faoliyatini olib borayotgan barcha mehnat migrantlarining 25,4 foizi tegishli patentni rasmiylashtirmay ishlamoqda. Ya’ni Rossiya qonunchiligiga ko‘ra noqonuniy faoliyat olib bormoqda.
Sputnik

TOShKENT, 8 avg - Sputnik. Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida Rossiyada vaqtincha mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish masalasi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish qarori qabul qilindi.

Rus-qozoq chegarasidagi hodisa: migrantlar qanday qilib firibgarlar qurboniga aylandi

Parlament so‘rovi fuqarolarning O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalari, prezident virtual hamda xalq qabulxonalari, Ombudsman, hududlardagi hokimliklar, Rossiyadagi O‘zbekiston diplomatik missiyalariga yuborilgan murojaatlar asosida shakllantirilgan.   

Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarining dolzarb muammolarini hal etish masalasi Senatning diqqat markazida turganligi, O‘zbekiston-Rossiya parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiyasi faoliyatining markaziy mavzularidan biri ekanligi ta’kidlandi.

Rossiya tomoni bilan tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish to‘g‘risida ikkita bitim, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolarni tashkiliy asosda qabul qilish, ularning respublikadan tashqaridagi ish joyiga xavfsiz yetib borishini ta’minlashning qulay shart-sharoitlarini yaratish to‘g‘risida shartnomalar tuzilgan bo‘lsa-da, erishilgan davlatlararo bitimlarni tegishli ravishda bajarish bilan bog‘liq jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda.

Misol uchun, Moskva shahridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada mehnat faoliyatini olib borayotgan barcha mehnat migrantlarining 25,4 %i tegishli patentni rasmiylashtirmay, ya’ni RF qonunchiligiga ko‘ra noqonuniy faoliyat olib bormoqda.

Rossiyada migrantlarga ishlash huquqini berish murakkablashtirilishi mumkin

Ikki tomonlama bitimlar borligiga qaramay, fuqarolarni ishga tashkiliy tarzda joylashtirish ko‘rsatkichlari pastligicha kolmoqda. Masalan, 2019-yilda Rossiyada Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va xususiy agentliklar tomonidan tashkiliy tarzda qabul qilish orqali 1425 kishi ishga joylashtirilgan.

Tartibsiz mehnat migratsiyasining mavjudligi, mehnat migrantlarining jamiyatga moslashuvi past darajadaligi bilan bog‘liq muammolar hal etilmaganligi, rus tilini, Rossiya Federatsiyasining mehnat va migratsiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini sust darajada bilish O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini ta’minlashda ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Senatorlar tomonidan xorijdagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hukumat oldida turgan ustuvor masalalar sirasiga kirishini ta’kidlab o‘tildi.

Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Senati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.