Test sinovlari 2-sentabrdan boshlanadi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari O‘ktam Salomov test sinovlari qachon boshlanishini e’lon qildi.
Sputnik

TOShKENT, 7 avg — Sputnik. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari O‘ktam Salomov test sinovlari qachon boshlanishini e’lon qildi.

OTMlarga test sinovlari stadionlarda o‘tkaziladigan bo‘ldi

OTMlarga kirish imtihonlari 2-sentabrdan boshlab, 2 hafta davomida o‘tkaziladi. 

7 avgust kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qayd etilishicha, test sinovlari ochiq stadionlarda, kuniga 2 smenada tashkil etiladi.

“Avgust oyida barcha binolar va stadionlarni jihozlashni amalga oshiramiz” — dedi DTM boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov.

Rajabovning so‘zlariga ko‘ra, natijalarni e’lon qilishda o‘zgarish bo‘lmaydi. Xuddi har yilgidek test sinovlari o‘tkazilgan kunining ertasiga abituriyentning shaxsiy sahifasida e’lon qilinadi.

Kuni kecha O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yopiq binolar epidemiologik talabga javob bermasligi, ijtimoiy masofaga rioya qilingan taqdirda imtihonlar vaqti anchaga cho‘zilib ketishini inobatga olib, test sinovlarini Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlaridagi stadionlarda tashkil etish yuzasidan topshiriq berilgandi.

Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev ta’kidlashicha, test sinovlari uchun 155 stadiondan 40 ga yaqin stadion jalb etilishi rejalashtirilgan. Stadionning soyalik darajalari va boshqa sharoitlarga e’tibor qaratilgan. Soyabonlar qo‘yilishi malasiga ham e’tibor qaratiladi. Ota-onalar uchun kutish joylari, shifokorlarga sharoit yaratish kabi tashkiliy masalalar hal qilinmoqda.