TOShKENT, 6 avg — Sputnik. O‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik migrantlarning Samara va Orenburg viloyatlari chegarasida Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan mojarosi haqida xabar OAVda endi yoritila boshlaganda, ularni vatanga qaytarish masalasi deyarli hal qilib bo‘lingan edi.
Rossiya va Qozog‘iston chegarasi yaqinida uchta lager qurilgan: ikkitasi Orenburg viloyatining Buzuluk, Samara viloyatining Bolshaya Chernigovka tumanida, yana bir esa ushbu ikki tuman ma’muriy chegarasidagi katta avtomobil yo‘li bo‘ylab.
Aynan o‘sha so‘nggi lagerda mojaro yuzaga kelgan. U yerda yashash uchun sharoit o‘ziga yarasha edi.
Ushbu lagerlarda uyga qaytishni istagan, biroq yopiq chegara oldida qolib ketgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari yashab kelishgan. Ammo ularning bu yerga kelib qolishi tasodifan kelib qolishmagan: migrantlar ortidan firibgar vatandoshlar pul ishlashgan.
Orenburg viloyati ma’muriyati: qo‘limizdan kelguncha yordam berdik
“Barcha davlat hukumatlari migrantlarga uylariga ketishda yordam berish kerak degan fikrga kelishdi va yashil yo‘lak ochishdi. Qirg‘izlar ikki ming nafardan ziyod edi. Ular ikki kun ichida jo‘nab ketishdi, seshanba kuni ular mingan oxirgi avtobus ketdi. O‘zbeklar esa tumanimizda 700 nafarga yaqin edi, hozir ular Buzuluk-Toshkent poyezdiga chipta xarid qilishmoqda va payshanba kuni tunda uylariga ketishadi”, - dedi Sputnik nashriga Buzuluk tumani ma’muriyatining ijtimoiy masalalar bo‘yicha rahbarining o‘rinbosari Tatyana Uspanova.
U maydonda ko‘plab migrantlar to‘plangani haqida xabarlar paydo bo‘lishi bilanoq, tuman ma’muriyati ularga qo‘ldan kelguncha yordam berishga harakat qilgan: chodirli shaharchaga elektr energiyasi o‘tkazilgan, ichimlik suvi berilgan, axlat qutilari o‘rnatilgan, hojatxonalar qurilgan.
“To‘g‘ri, qishloq joylar uchun mo‘ljallangan, agar ushbu maydonlarda shu paytgacha hech qanday sivilizatsiya bo‘lmaganini hisobga olinsa, bu hech narsa bo‘lmagandan ko‘ra yaxshiroq”, - deya davom ettiradi so‘zlarini Uspanova.
“Lagerga vatashdoshlar kelib, migrantlarga yordam ko‘rsatishardi. Muntazam ravishda tadbirkorlar bo‘lib, ish taklif qilishardi. Shunisi qiziqki, hech kimning mehnat qilishga xohishi yo‘q edi. Yashash uchun yetarlicha mablag‘ bor edi, shekilli”, - deydi u.
Migrantlar firibgar taksichilarning tuzog‘iga ilindi
“Hozir Buzuluk tumanidagi lager yopiq. Odamlar jo‘nashga tayyor bo‘lib turibdi”, - deydi Uspanova. Shuningdek, u barcha bunday chodirli lager paydo bo‘lganidan norozilik bildirayotgani qo‘shimcha qildi.
“Bu g‘irt aldov-ku – odamlar bu yerda uyiga ketish istagini bildirgan migrantlarni kutib turgan pansionat va sanatoriya borligi aytilgan ijtimoiy tarmoqlardagi xabarga ishonishgan. Go‘yoki bu yerda ikki kishilik xona va uch mahal ovqat beriladi. Buning ustiga hammasi bepul. Go‘yoki vatanga ketish uchun aniq jadval bor. Bu yerda butun Rossiya bo‘ylab kelishgan: Moskva, Saxalin, Voronej, Perm, Krasnodar, Tumendan. Bu yerga kelib yalang maydonni ko‘rishgan”, - dedi u.
Uspanova shunga o‘xshash xabarlar milliy guruhlarda tarqatilishi to‘xtatilmasa, bo‘shab qolgan lager o‘rnida yana chodirlar tikilishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
“Odamlarga rahming keladi, ular ishonib, bu yerga kelishadi. <...> Shunga o‘xshash manbalardan biri telegramdagi taksichilar kanali. U yerda shunaqa xabarlar joylashtirilgan. Taksichilar migrantlarni O‘zbekistonga olib borishni taklif qilishgan, katta pul olishgan, lekin chegarada ularni mashinadan tushirib qoldirib, o‘zlari jo‘nab ketishgan”, - deya hikoya qiladi Butunrossiya o‘zbeklar, o‘zbekistonliklar kongressining mintaqa bo‘limi rahbari Dilyara Sabirova.
U bir lagerdan ikkinchisiga kelib, vatandoshlar duch kelgan muammolarni hal qilishda yordam bergan.
“Biz O‘zbekiston fuqarolarini uyga jo‘natishga tayyorgarlik ko‘rapmiz. Bugun respublikaning bosh konsuli kelib ketdi, birgalikda ro‘yxat, odamlar sonini solishtirib chiqdik. 7-avgustga o‘tar kechasi O‘zbekistonga ikkita poyezd jo‘nab ketadi”, - deya yengil nafas oladi Sabirova.
16 ta vagondan iborat bitta poyezd Orenburg viloyatidagi “Buzuluk”, 20 ta vagondan iborat ikkinchisi Samara viloyatidagi “Kinel” stansiyasiga keladi va jumaga o‘tar kechasi 1,5 ming nafarga yaqin kishi Toshkentga olib ketiladi.
“Bu safar biz juda jiddiy yondashdik: kecha tungacha ro‘yxatni qo‘lda yozdik, bugun hammasini kompyuterda chop qildik. O‘tgan safar noxush vaziyatga duch kelgan edik, iyul o‘rtasida odamlarni poyezdlarga mindirayotgan vaqtimizda u yerda allaqachon begonalar o‘tirgan ekan. Shuning uchun bu gal bunday holatga yo‘l qo‘yilmaydi. Ro‘yxatni topshirishdan jo‘natishgacha bo‘lgan jarayon nazorat qilinadi”, - dedi Sabirova.
Shuningdek, u barcha Qirg‘iziston fuqarolari avtobuslarda jo‘nab ketishganini tasdiqladi. Uchta lagerdagi O‘zbekiston fuqarolari esa chipta sotib olib, poyezd kelishini kutib o‘tirishibdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Samara va Orenburg viloyati ma’muriyati migrantlar temir yo‘l stansiyalariga yetib olish uchun bepul avtobus ajratgan.
“Albatta, qiyinchiliklar ham bor. Masalan, Novorossiyskdan mashinada uchinchi qavatdan qulab tushgan erkakni olib kelishdi va shifokorlar tom ma’noda uni parchalardan to‘plashdi. Jarrohlik og‘ir kechdi. U hozir shunday mashinada yotibdi. Unga yordam berishmoqda. Charter reyslar yo‘q, uni havo yo‘li orqali olib ketishning imkoni bo‘lmadi. Men kecha uni vokzalgacha eltib qo‘yishlari uchun kelishdim. Agar iloji bo‘lsa, poyezd bilan jo‘natardik. Yana ikki kishi qo‘ltiqtayoqda. Ularni tezroq jo‘natishni xohlaymiz. Ma’lumki, uyda hatto devorlar davolaydi. Yana uch nafar homilador ayol va uch nafar bola bor. Umid qilamanki, odamlar uylariga muammosiz yetib olishadi”, - deya so‘zlariga yakun yasadi Sabirova.