Sirdaryoda ko‘p qavatli uylar qurilishida 1,5 mlrd so‘m budjet mablag‘i talon-toroj qilindi

“Qishloq qurilish invest” MChJ IK va “S.S.” MChJ mansabdori haqiqatda bajarilmagan 949 mln so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini qo‘shib yozishgan.
Sputnik

TOShKENT, 5 avg — Sputnik. Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida ko‘p qavatli uylarning qurilishida 1,5 mlrd so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Gurlanda sobiq “Agrobank” rahbari imtiyozli kreditni talon-taroj qildi

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oqoltin tuman bo‘limi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazgan. Unda “Qishloq qurilish invest” MChJ IK va “S.S.” MChJ mansabdori Oqoltin tumani “Ko‘rkam diyor” massivida 1 ta ko‘p qavatli uy-joyning qurilganligi haqidagi hujjatlarga haqiqatda bajarilmagan 949 mln so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini qo‘shib yozishgan. Shu yo‘l bilan budjet mablag‘larini talon-toroj qilishgan.

Shuningdek, “Y.N” MChJ ham massivdagi 1 ta ko‘p qavatli
uy-joyning qurilganligi haqidagi hujjatlarga haqiqatda bajarilmagan 586 mln so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini qo‘shib yozgan.

Mazkur holatlar yuzasidan  “Qishloq qurilish invest” MChJ IK Sirdaryo viloyati filiali mansabdor shaxslari va jamiyat rahbarlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) jinoyat ishi ochilgan.

Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.