O‘zbekistonda karantin qachon bekor qilinadi - ekspert javobi

O‘zbekistonda 3-avgust kungi holatga ko‘ra koronavirus bilan kasallanganlar soni 26 301 nafarga yetgan. Shu bilan birga, ushbu infeksiyaga chalingan bemorlar soni ketma-ket ikkinchi kun kamaygan
Sputnik

TOShKENT, 4 avg - Sputnik. Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibullo Oqilov AOKA zalida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida 15-avgustdan keyin karantin choralari yumshatiladimi, degan savolga javob berdi.

O‘zbekistonda koronavirus: 3-avgust asosiy xabarlari

Eslatib o‘tamiz, iyul oyining oxirida Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan O‘zbekistonda joriy etilgan karantin cheklovlari 15-avgustga qadar uzaytirilgan edi.

Oqilovning qayd etishicha, oldinda hali salkam ikki hafta vaqt bor. Agar shu vaqt davomida pasayish dinamikasi qayd etilsa, karantinni yumshatsa bo‘ladi.

"Xuddi shu dinamika qayd etilsa, ya’ni o‘tgan kunlarda kasallik qayd etilishi 700 dan oshgan bo‘lsa va bugun 513 taga tushgan bo‘lsak, keyingi kunlarda 500, 450 qayd etilib, shu raqamlar atrofida kasallik aniqlansa, albatta, 15-avgustdan keyin karantinni yumshatsa bo‘ladi. Va biz ushbu taklif bilan Respublika maxsus komissiyasiga chiqishimiz mumkin", - deb aytgan Oqilov.

O‘zbekistonda 3-avgust kungi holatga ko‘ra koronavirus bilan kasallanganlar soni 26 301 nafarga yetgan. Shu bilan birga, ushbu infeksiyaga chalingan bemorlar soni ketma-ket ikkinchi kun kamaygan.

Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 8 880 nafar bemordan 927 nafari og‘ir, 224 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Koronavirus infeksiyasi qurbonlari soni 159 nafarni tashkil etmoqda.