OTB O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurash uchun yana 100 mln $ ajratdi

Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlarga barqarorligini oshirish uchun 100 million dollar miqdorda qarz mablag‘larini ajratishni ma’qulladi.
Sputnik

TOShKENT, 3 avg — Sputnik. Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlarga, jumladan, koronavirus pandemiyasiga barqarorligini oshirish uchun 100 million dollar miqdorda qarz mablag‘larini ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank saytida ma’lum qilindi.

Loyiha doirasida COVID-19 ga test olish, tashxis qo‘yish tizimini yaxshilash rejalashtirilmoqda. 

“Mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi sifati, xavfsizlik standarti, protokollari va  xizmatini yaxshilab, bu loyiha O‘zbekiston aholisini COVID-19dan himoya qilish va salomatligini kelajakdagi tahdidlardan asrashga yordam beradi”, - dedi OTB vitse-prezidenti Shisin Chen.

O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurash uchun ajratilgan qarz 1 mlrd $ dan oshdi

Ta’kidlanishicha, loyiha mamlakatga taqdim etiladigan OTBning keng qamrovli qo‘llab-quvvatlash paketining bir qismidir. Shuningdek, u inqirozga qarshi hukumat choralarini va joriy texnik yordamni moliyalashtirish uchun 500 million dollarlik kredit ham o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining (OIIB) ushbu loyiha uchun 100 mln dollar miqdorida kredit ajratish ustida ish olib bormoqda.

Loyihani amalga oshirish sog‘liqni saqlash xodimlari uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash va ularni shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash uchun mamlakat bo‘ylab 38 laboratoriyalarini ta’mirlashni nazarda tutadi.

Loyihani amalga oshirish darhol boshlanadi va 2022-yilning iyul oyiga qadar yakunlanishi kerak. Ijro etuvchi organlar Sog‘liqni saqlash vazirligi va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hisoblanadi.