Farg‘onada IIB xodimlari o‘qituvchini kaltaklab, kamsitgani aytilgan xabar tekshirilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda “Farg‘onalik o‘qituvchi: IIB xodimlari meni kaltaklab, bir oyoqda tik turishga majburlashdi” sarlavhali xabar tarqaldi.
Sputnik

TOShKENT, 2 avg — Sputnik. Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan “Farg‘onalik o‘qituvchi: IIB xodimlari meni kaltaklab, bir oyoqda tik turishga majburlashdi” sarlavhali xabar yuzasidan viloyat IIB munosabat bildirdi.

Xabarda yozilishicha, mazkur xabar o‘rganilganda haqiqatdan ham joriy yilning 26-iyul kuni Furqat tumanidagi 34-son ixtisoslashgan umumta’lim maktabida kompyuter o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq holat sodir etilgan.

IIV Andijonda qiynoqqa solingani sabab o‘lgani aytilgan fuqaro ishi yuzasidan bayonot berdi

Tuman IIB xuzuridagi tergov bo‘linmasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi ochgan va dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

“Xabarda keltirilganidek, IIO xodimlari jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Sh.J.ni qiynoqqa solganlik bilan bog‘liq holati yuzasidan Furqat tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Mazkur holat viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan”, - deyilgan xabarda.

Shuningdek, viloyat IIB tomonidan xodimlarning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Tekshiruvlar yakuniga ko‘ra, qo‘shimcha xabar beriladi, deya qo‘shimcha qilingan bayonotda.