Buyragi transplantatsiya qilingan toshkentlik ayol COVID-19dan vafot etdi

Hozirga qadar O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirganlar soni 24 569 nafarga yetgan, 145 kishi qurbon bo‘lgan
Sputnik

TOShKENT, 1 avg - Sputnik. O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida buyragi transplantatsiya qilingan ayol koronavirusdan vafot etdi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Rossiyada COVID-19 vaksinasi tayyor. Emlash ishlari medik va o‘qituvchilardan boshlanadi

Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida yashagan 59 yoshli M.M.da 15-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan. Bemor Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Bemorda 2014-yil buyrak transplantatsiyasi amaliyoti bajarilgan bo‘lib, 2017-yilda ko‘chirib o‘tkazilgan buyrak o‘z vazifasini bajarishdan to‘xtagan va u doimiy gemodializ olib yurgan.

Shuningdek, bemorda qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya, surunkali buyrak yetishmovchiligi, semizlikning 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan.

Koronavirusga chalingan bemorlarda eshitish qobiliyati yomonlashadi - olimlar

Bemor o‘tkir nafas, yurak qon-tomir hamda poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan.

Hozirga qadar O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirganlar soni 24 569taga yetgan, 145 kishi qurbon bo‘lgan.

Pandemiya boshlanganidan buyon dunyo bo‘yicha 17,1 milliondan ziyod kishi infeksiyani yuqtirgan, vafot etganlar soni 670 mingga yaqinlashmoqda.

Eng ko‘p kasallanish holatlari Shimoliy va Janubiy Amerikada (9 152 173 holat) va Yevropada (3 333 300) qayd etilgan.

Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti 11-mart kuni yangi turdagi COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishini pandemiya deb e’lon qilgan edi.