O‘zbekiston DXX Qirg‘izistondan narkotik tashigan uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi

Uyushgan jinoyatchilar dori vositalarini asosan Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistonga olib kirish bilan shug‘ullangan
Sputnik

TOShKENT, 31-iyul - Sputnik. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda olib borgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Toshkent shahri, Farg‘ona, Namangan va Samarkand viloyatlarida yashovchi 18 nafar shaxsdan iborat uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek ko‘yildi.

Andijonda "Veteran" birlashmasi raisi chegaradan narkotik olib o‘tayotganda qo‘lga tushdi

Giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatlariga kiritilgan dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi mazkur guruh a’zolaridan "kora bozor" narxida umumiy qiymati 3,2 mlrd. so‘mdan ziyod bo‘lgan 28 560 dona "Tramadol" tabletkasi, 7 ming dona "Tropikamid" flakoni, 35 700 dona "Lirika", 3 920 dona "Regapen" va 5 600 dona "Perge" kapsulalari musodara qilingan.

Shuningdek, 4 300 AQSh dollari protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

Jinoyat quroli sifatida 1 ta "Malibu", 3 ta "Lasetti" va 1 ta "Neksiya" avtomashinalari olib qo‘yilgan.

Guruh a’zolari 1977-1994 yillar oralig‘ida tug‘ilgan fuqarolar bo‘lib, ulardan 2 nafari ayol hamda 5 nafari muqaddam sudlangan shaxslardir.

Ushbu dori vositalari asosan Qirg‘iziston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan.

Hozirda Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmokda.