O‘zbekiston Afg‘onistondagi uch kunlik sulhni olqishlaydi – TIV

O‘zbekiston barcha afg‘on tomonlarini mamlakatning tinch kelajagi yo‘lida ushbu ezgu maqsadga erishishda oqillik va konstruktiv yondashuv namoyish etishga chaqirgan.
Sputnik

TOShKENT, 30-iyul — Sputnik. O‘zbekiston muqaddas Qurbon hayiti munosabati bilan Afg‘onistonda uch kunlik sulh e’lon qilinganini olqishlaydi. Bu mamlakat TIV bayonoti e’lon qilindi.

"Uch kunlik tinchlik": "Tolibon" Qurbon bayram vaqtida o‘t ochishni to‘xtatishga qaror qildi

“Ushbu muborak kunlarda o‘t ochishning to‘xtatilishi afg‘onlararo tinchlik muzokaralarini boshlash uchun zarur sharoit yaratishiga umid qilamiz. O‘zbekiston barcha afg‘on tomonlarini mamlakatning tinch kelajagi yo‘lida ushbu ezgu maqsadga erishishda oqillik va konstruktiv yondashuv namoyish etishga chaqiradi”, - deyilgan xabarda.

Vazirlik O‘zbekiston Afg‘oniston xalqi bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, afg‘onlararo siyosiy jarayonni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda tinch va farovon Afg‘oniston barpo etishda har tomonlama yordam ko‘rsatishda davom etishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon”* radikal harakati Afg‘onistonda Qurbon hayiti bayrami vaqtida uch kunga o‘t ochishni to‘xtatish qarorini qabul qilgani xabar qilingan edi.

* - Rossiya va qator davlatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti