Oqilov nega bemorlarga “Plakvenil” dorisi berilayotganini tushuntirdi

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi shuncha gap-so‘zlarga qaramasdan nega bemorlarga haligacha “Plakvenil” dorisi berilayotganini tushuntirdi.
Sputnik

TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. AOKA huzuridagi shtabda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Habibulla Oqilov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda mutaxassis nega bemorlarga haligacha “Plakvenil” dorisi berilayotganini tushuntirdi.

Brifing ishtirokchisi poliklinikadan berilgan dorilar orasida Vitamin S, “Azitromitsin” va xitoycha yozuvli qutida “Plakvenil” berishganini ma’lum qildi. Keyin “Plakvenil” dorisi atrofida shuncha gap-so‘zlar bo‘lyapti, nega poliklinikalar haligacha uni tavsiya qilishapti va bemorlarga berishapti deya so‘radi.

“Dori vositasi borki, uning atrofida gap-so‘zlar bo‘laveradi. Lekin O‘zbekistonning o‘zining tajribasi bor. Biz 12 mingga yaqin koronavirusga chalingan bemorlarni ayni shu dori vositasi yordamida tuzatib yubordik”, - dedi Oqilov.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosining so‘zlariga ko‘ra, tizimli ravishda chet ellik hamkasblar bilan maslahatlashib, tajriba almashinib turilmoqda. AQSh, Braziliya, Hindiston davlatlarida davolash protokollarida “Plakvenil” saqlanib turibdi.

Botirbekov bemorlarni davolash, dori-darmon va karantin haqida

“O‘tgan hafta bir guruh turkiyalik olimlar O‘zbekistonga tashrif buyurishdi. So‘ralganda, ular ham Turkiyada ambulator sharoitida ham, statsionarda ham “Plakvenil” davolash standartlarida bor ekanini qayd etishdi”, - dedi mutaxassis.

Oqilov rossiyalik olimlar koronavirus kasalligining dastlabki kunlarida qisqa kurs bilan “Plakvenil” berish maqsadga muvofiq deb aytishganini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq ayrim mutaxassislar koronavirus bemorlarini davolashda nojo‘ya ta’siri xavfi yuqori bo‘lgan vosita ekanligi haqida fikr bildirishgan edi.