TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xonanda Ruslan Sharipov 54 yoshida vafot etdi.
Ruslan Sharipov Tagirovich 1966-yil 10-sentabrda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Sharipov nafaqat qo‘shiqchi, balki musiqachi va bastakor bo‘lgan: “Bolalar”, “Setora”, “Bayt” kabi mashhur guruhlarga asos solgan.
Bundan tashqari, “Shahzod” va “Xo‘ja” guruhlarining mashhur qo‘shiqlarini bastalagan.
Uning ijrosidagi “Yayra O‘zbekiston”, “Salom, Navro‘z”, “Hayot”, “Otajonim”, “Go‘zal yor”, “Tog‘da o‘sgan qiz” kabi ko‘plab qo‘shiqlar muxlislar qalbidan joy olgan. Yulduz Usmonova bilan duet qo‘shiq kuylagan.
Sharipov shaxsiy hayotidagi qiyinchiliklar tufayli sahnani tark etgandi.